Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

14 yoshli «jurnalist»ning boshidan kechirganlari

14 yoshli «jurnalist»ning boshidan kechirganlari

Asfalti yo‘q ko‘chalar, gazlashtirilmagan uylar haqida «Do‘stlik bayrog‘i»ga maqola yozganimda o‘n uch yoshda edim. Qishlog‘imizni  badbo‘y  hidga to‘ldirgan,  mevali daraxtlarni qurita boshlagan, eng yomoni teri va yuqumli kasalliklar urchib ketishiga sabab bo‘lgan, «Baqalar sanatoriyasi» haqida  markaziy gazetaga  maqola yubordimu baloga qoldim. To‘g‘ri, avval mahalliy gazetaga  yozib ko‘rdim, afsuski ijobiy natija bo‘lmadi. Faqat shahardan kelgan vakil dadamga tushuntirish xati yozdirdi, oltita daraxtimizni kesib ko‘lmakni botqoqqa aylantirdi, ikki mashina tuproq to‘ktirib ketdi xolos... O‘shanda daraxtlarimizga achinsam ham, endi qishloqdagi sassiq hid yo‘qoladi, deb xursand bo‘libman. Ammo quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi. Bir necha kun o‘tgach, zaharli suv endi bog‘ tomon enlab, badtar sasiy boshladi.  Ayvonchada, so‘rimizda o‘tira olmay qoldik. Kechki payt derazalarni ochishning iloji yo‘q. Avval toza, shifobaxsh bo‘lgan buloq suvini ichsak ikki soat o‘tmay ichaklarimiz burab og‘riydi. Qancha odamlar kasal bo‘lyapti. Vafot etganlar ham bor.  Dadamning aytishicha, tepadan kelgan vakilik bu yerga tuproq to‘ktirmay, yer ostidan o‘tgan, chirigan oqava suv quvurini ta’mirlashi, almashtirishi kerak ekan. Demak, o‘shanda zahar suv tuproqqa singgan.  U  yerda baqalar va itbaliqlar mazza qilgan.  

Shundan so‘ng ruschani zo‘r bilmasam ham Moskvaga «Pravda»ga maqola yozib yubordim. Rus tili o‘qituvchimiz xatolarimni to‘g‘irlab berdi.

O‘shanda sobiq ittifoqda allaqachon qayta qurish boshlangan, gazetalarda tanqidiy maqolalar ko‘paygan, men esa 14 yoshda edim. 

O‘shanda zo‘r to‘polon bo‘ldi. Shahar, viloyat emas, naqd Toshkentda ishlovchi qorindor amakilar «Pravda»ga maqola yozgan odamni qidirib kelishgan.  Maktabdan qaytsam uyda tumonat odam, majlis avjida. Avval nima bo‘layotganiga aqlim yetmadi. Papkali, papkasiz, shlyapali, shlyapasiz, ammo hammasi galstuk taqqan mehmonlarni ko‘rib quvonib ketdim. Demak, maqolam ish bergan! 

Menga hammadan avval ko‘zi tushgan mahalla oqsoqolining o‘ng qoshi pir-pir uchib, halloslagancha yugurib  yonimda paydo bo‘ldi va yelkamdan tutdi. 

– Mana, o‘ziyam keldi. Yoshda...yosh! Bir marta kechiringlar! «Pravda» nimaligini bilmaganda, ovsar!  

– Kim ovsar?  Oqsoqolning panjasidan yulqinib chiqdim: – Nega bilmas ekanman.  Pravda  – haqiqat!  

Oqsoqol bo‘lsa,  unimni o‘chirishga harakat qilib, pichirlab  yalinishga tushdi:

– Bilaman.  Biroq... Bir pas jim tur bolam. Sandan xavotirdamizku...

So‘ng  yana  amaldorlarga elandi:

– Bolada hali. She’r-perlar to‘qib, o‘zicha o‘qib yurardi, gazit o‘qishiga e’tibor bermay qolibmiz. O‘zi qishlog‘imizdan yomon odam chiqmagan. Hamma halol, mo‘min, qobil.  Bundan ham yozuvchi chiqarmaymiz. To‘g‘rimi qizim?   

 So‘ng qaddini g‘oz tutib:

– O‘rtoqlar, men bor ekanman, tirik ekanman bu boshqa yozmaydi! Qasam ichamiz, desa bo‘ladimi?

Endi bunisi oshib tushdi. Men uning gaplarini tasdiqlaganim yo‘q-ku. Tavba, nega unaqa deydi? Nimadir yozish uchun oqsoqolni  o‘lishini kutamanmi endi?! 

Shular  tilimga ko‘chdi:

– Yo‘q!  Sizning  o‘lishingizni kutmayman. Qasamni o‘zingiz iching!

Oqsoqolning asabi badtar buzilib, ketmonday qo‘lini boshim uzra ko‘tardi.  Uradi deb o‘yladim. Urmadi, vajohat bilan ko‘targan dastini tushirib boshimni siladi  va faqat ikkimiz eshitadigan qilib pichirladi:

– Bizniyam o‘ylasangchi nodon. Bu yerda nima gaplar bo‘lganini eshitmading-da. Markazdagilar ham, tumandagilar ham bizni yeydi, boshqa yozmayman, degin!

Oqsoqolning pichirlaganidan shubhalangan mehmonlardan novcharog‘i kalxatdek kelib  ovozini balandlatdi:

– M.Ibragimova sizmisiz?

 – Ha, men!

Uning bit ko‘zida g‘azab uchqunlaganini darrov sezdim.  

– M.Ibragimova-ya? Nega familyangning tagiga jurnalist deb yozding, tirrancha?!  Bunga jinoyat kodeksida statya borligini bilasanmi?

 Aliyev deganlari badtar quturib, qo‘lidagi gazetaga  ishora qildi: 

– Gazetaga maqola jo‘natganmisiz...san? 

– Ha...

Yana ozgina qo‘rqib, ozgina kalovlandimu bir lahzadan so‘ng o‘zimga kelib,  boshimni mag‘rur ko‘tarib baqirib yubordim: 

– Ha. Men yubordim. Botqoqni quritasizlarmi?  

Orqamda turgan oqsoqol xezlanib turgan Aliyevning panjasidan meni qutqarib, yelkamga yengil  qoqdi va botqoq tomon  ishora qildi.

– Ana,  qara qizim, quritishyapti. Endi  hech narsa sasimaydi... so‘ng engashib qulog‘imga shivirladi: – Senam sasimay tur! Anuv mehmonlardan kechirim so‘rab, bir og‘iz rahmat aytvor. Teshilgan, chirigan quvurlar almashtirilyapti. Anchadan beri botqoq tomonda yurmasdim. Chiranib ishlayotgan ekskavotorga ham, ovoziga ham e’tibor bermabman. Qorayib turgan kattakon quvurlarni ham endi ko‘rdim. Demak, ish boshlangan.  Shuning uchun har kungi sassiq hid bir oz kamaygan. Hoziroq borib  jarayonni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchi edimu oqsoqol dadamning oldiga sudradi.

– O‘zi shu savilni «gorkom» buva quritishni allaqachon rejalashtirgandi. Sal shoshibsan-da, bolam. Shuni tepaga yozish shartmidi? O‘zi, ona suting og‘zingdan ketmagan bo‘lsa. Dadangni o‘ylamadingmi? 

Ko‘zim ham, xayolim ham tarillab ishlayotgan ekskavotorda bo‘lsa dadamga e’tibor beramanmi? Oqsoqolning turtkisidan so‘ng tashrif buyurganlarga salom berdim. Alik olishmadi. Menimcha, ular bir mishiqini qanday jazolash haqida o‘ylashayotgan edi. 

Ayniqsa, har qimirlaganda taxta so‘rimizni sindirib yuborayozgan tepakal amaki rosa jazavaga  tushdi:

– Vi chto izdevayetes nadomnoy? Xotite skazat chto statyu napisala eta devochka? Chto za bezobraziye? Ona je maloletka! 

Keyin qayerga kelgani va eng muhimi o‘z tili esiga tushib qoldi shekilli, qolganini hamma tushunadigan  gaplar bilan davom etdi: 

– Man aqldan ozganim yo‘q! Mana shu chigirtka shuncha muammoni yoritaoladimi? Yana rus tilidaya?

Keyin menga  yaqinlashib vishilladi:

 – Pushkinni bilasanmi? 

 – Ha. Ko‘p she’rini bilaman. Ammo hozir «Uznik»ni aytmasam bo‘lmaydi. Tamog‘imni qirib, rolga kirib, ovozimni balandlab boshladim:

Siju za reshetkoy v temnitse siroy.

Vskormlenniy v nevole orel molodoy,

Moy grustniy tovariщ, maxaya krilom,

Krovavuyu piщu klyuet pod oknom...

– To‘xta, ishondim, ammo... kimsan Gorbachevga murojaat qilib, «kelib  sassiq suvimizdan bir ichib ko‘ring» deydigan. Oqava suvlar tuproq va buloq suvlaring tarkibini buzayotganini, tabiatga zarar keltirib daraxtlarni quritayotgani, yana kasallar ko‘payganini zinqarcha bola qayerdan bilsin? Yo‘o‘o‘o‘q, maqolani u emas, aniq boshqasi yozgan. 

So‘ng alanglab dadamga yuzlandi:

– Ruschani bilasizmi?

U savolni berdiyu javobini kutmadi. Dadamning eski do‘ppisi, xokisorligi yoqmadi shekilli bidirladi:

– Bilmasayam kerak...

– Iye, Rossiyaning u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqqan, yaqinda Gorbachevning qabuligacha borib kelgan dadam  ruschani bilmaydimi? «Arbat»dan eng zo‘r kitoblarni bitta qo‘yning puliga sotib olgan odamni xaqorat qilyaptimi?

 – Dadam «Borodino» ni yoddan biladi, yanachi...

– Tushunarli, Ma’rip akamidi ismingiz, buyoqqaa keling. Biz bilan ketasiz. Tepaga yozish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatamiz!  

Shuncha haqoratni eshitib mum tishlab turgan dadamni tanimadim. Boplab adablarini berardi-ku. Meshqorin javrab-javrab atrofga alanglab, kimnidir qidirib  badtar avjiga chiqdi:

– Bu uyda  ayol zoti bormi?  Bir piyola  choymi, suvmi  beringlar! 

Ayam  ishda edi.

Menga ko‘zi bilan bir narsalarni ishora qilgancha, shang‘illayotgan amaldorning oldiga yaqinlashgan dadamni tushunib oshxonaga yugurdim. Qarasam choynakda choy yo‘q. Chelakdagi suvga cho‘mich botirib bir litrli bankaga quydim, besh-oltita piyolani ko‘tarib tashqariga yugurdim.

Javragancha bir piyolani sipqorgan boyagi meshqorin ikkinchisi, uchinchisini ham ichdi. Qolganlar ham so‘rashgani uchun yana ikki marta suv olib keldim. 

Dadam imo-ishoralar bilan og‘zimi ochirishga qo‘ymay, bir narsalarni yozar, amaldorlarni biri qo‘yib biri «tarbiya» darsini o‘tishardi:

 – Xullas, gap shu! To‘rt bolangiz borligi uchun bir safar kechiramiz. Ammo yana voyaga yetmagan farzandingizning nomi bilan maqola yuborsangiz  o‘zingizdan ko‘ring!  «Pravda» tugul  qog‘ozga ismingizni yozolmay qolasiz!

 Dadamning biqinida turib, noxaq gap eshitayotganiga chidamay oqlashga urindim. Ammo shu zahoti chap bilagimdan «burama qand» yedim.

Dadam fursatdan foydalanib qulog‘imga shipshidi:

– Jim bo‘l! Bularga o‘chakishma! 

 O‘sha kuni dadamdan rosa gap eshitdim. Ertasiga uyimizda suv ichgan amaldorlarni barchasi ichburug‘ bo‘lib kasalxonaga tushishgach melisaga chaqirishdi. Chelak, cho‘michimizgacha olib ketib tekshirishgani va «atayin zaharlamadim» degan tushuntirish xati yozdirishgani yodimda. Yana bir necha kun o‘tgach suvimizni yaroqli deb ma’lumot bergan sanepidstansiya vrachi ishdan bo‘shab, o‘rniga yangisi keldi...

Muazzam Ibrohimova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring