2023-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb 35 mlrd dollarga yetdi
Davlat qarzi 2023-yil mobaynida 5,7 mlrd dollarga o‘sib, joriy yil 1-yanvar holatiga 34,9 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu haqda Spot nashri Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotiga tayanib ma’lum qilmoqda.
O‘sishning asosiy qismi davlat tashqi qarzi hissasiga to‘g‘ri kelib (29,64 mlrd dollar) , o‘tgan yil davomida unga 3,73 mlrd dollar qo‘shilgan. Ichki qarz (5,29 mlrd dollar) esa 1,97 mlrd dollarga oshgan.
Davlat tashqi qarzi 29,6 mlrd dollarga teng bo‘lib, shundan qariyb 23,9 mlrd dollari O‘zbekiston hukumati nomidan, 5,7 mlrd dollari esa davlat kafolati asosida jalb qilingan.
O‘z navbatida, davlat ichki qarzi 5,9 mlrd dollarni tashkil etgan holda, shundan 3,5 mlrd dollari davlat kafolatlagan va ichki majburiyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi, qolgan qismi esa davlat g‘aznachilik obligatsiyalari hisobidan yig‘ilgan.
Yil davomida davlat qarzining YaIMga nisbati 36,4 foizdan 38,4 foizga oshdi (XVJ tavsiya qilgan daraja 60 foiz).
Shuningdek, davlat tashqi qarzining asosiy kreditori 6,6 mlrd dollar bilan Jahon banki bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinlarda esa Osiyo taraqqiyot banki (6,4 mlrd dollar) hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (2 mlrd dollar) turibdi.
Bundan tashqari mamlakat Xitoy Eksim bankidan 1,9 mlrd dollar, Xitoy Davlat taraqqiyot bankidan 1,4 mlrd dollar, OIIBdan 1,3 mlrd dollar va Islom taraqqiyot bankidan 0,9 mlrd dollar jalb qilgan. Koreya Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi va XVJdan jalb qilingan qarz har biri 0,8 mlrd dollarni tashkil etadi.
Keyingi o‘rinlarda Fransiya taraqqiyot agentligi (0,7 mlrd dollar), Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (0,3 mlrd dollar), YeTTB va Yevropa investitsiya banki (jami 0,3 mlrd dollar) turadi. Yana 3,4 mlrd dollar O‘zbekiston obligatsiyalari egalaridan kelgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter