2024-yilda 900 nafardan ortiq shaxs YTHlar keltirib chiqargani uchun qamalgan

2024-yil davomida Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan 3 321 nafar shaxs sudlangan.
Oliy sud matbuot xizmati bergan ma’lumotiga ko‘ra, ularning 917 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 2 404 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
Joriy yilning I-choragi mobaynida esa ushbu modda bilan 891 nafar shaxs sudlanib, ularning 173 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 718 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Ma’lumot uchun, transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish (266-modda 1-qismi) badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum qilib, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, o‘sha qilmish odamlar o‘limiga, halokatga va yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum qilib, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter