8 oyda «Yoshlar daftari»ga kirish uchun 360 mingdan ortiq ariza tushgan: bu qanday imtiyozlar beradi?
O‘zbekistonda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, chin yetim va nogironligi bo‘lgan yoshlarga manzilli ko‘maklashish bo‘yicha yangicha tizim yaratilgan.
Xususan, har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar bo‘yicha – «Temir daftar», ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlar bo‘yicha tegishlicha «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» hayotga tatbiq etildi.
Joriy yil boshidan «Yoshlar daftari»ga kirish uchun 360 436 ta onlayn murojaat kelib tushgan. Shundan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 340 440 nafari «Yoshlar daftari»ga kiritilib, 243 591 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Xususan, ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj 14 187 nafar yoshlarga 36,2 mlrd so‘mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari ajratilib, o‘z hududlarida doimiy ish bilan ta’minlandi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj 40 mingdan ortiq yoshlarga 107,4 mlrd so‘m miqdorda to‘lov-shartnoma xarajatlari qoplab berilib, ta’limni davom ettirish imkoniyati yaratildi.
Davolanishga ehtiyoji mavjud 26 519 nafar yoshlarga xorij va yurtimizdagi shifoxonalarda davolanishlari va zaruriy dori-darmonlari xaridi uchun 26,2 mlrd so‘m sarflandi.
Kam ta’minlangan, nogiron va og‘ir xayotiy vaziyatdagi 18 838 nafar yoshlarga 22,8 mlrd so‘m miqdorda zaruriy moliyaviy ko‘mak ko‘rsatildi va qariyib 19 ming nafar yoshlarning ijtimoiy ahvoli yaxshilanishiga erishildi.
Zamonaviy kasblarni egallashga hamda xorijiy tillarni o‘rganishga qiziquvchi 3 024 nafar yoshlarga 12,3 mlrd so‘m ajratildi. Ular «Veb-dasturlash», «Dizayn», «Modeling», «Veb ilovalar yaratuvchisi» kabi kasblarga o‘qitildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter