Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda aholiga imtiyozli narxda yetkazib berilishi lozim bo‘lgan 838,2 tonna ko‘mir «tuya» qilingan

Namanganda aholiga imtiyozli narxda yetkazib berilishi lozim bo‘lgan 838,2 tonna ko‘mir «tuya» qilingan

627 tonna ko‘mirni o‘zlashtirish va talon-toroj qilishda gumonlanayotgan Uchqo‘rg‘on ko‘mir ombori mudiri

Foto: «O‘zbekiston-24» telekanali videolavhasidan skrinshot

Namangan viloyatida prokuratura organlari kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar ijrosini nazorat qilib bormoqda. Hujjatlarda qayd etilishicha, viloyat miqyosida kuz-qish mavsumi uchun aholi va ijtimoiy soha ob’yektlariga belgilangan jami 165 ming tonna mahalliy ko‘mir mahsulotining 103 ming tonnasi yetkazib berilgan. Aholi ajratib berilgan jami 153 ming tonna ko‘mirdan 90,4 ming tonna, budjet muassasalari esa 12 ming tonna ko‘mir bilan ta’minlangan.

Biroq haqiqiy ahvol o‘rganilganda esa kamomadga yo‘l qo‘yilgan, ayrim mansabdor shaxslarning o‘z manfaati yo‘lida ko‘pning haqiga xiyonat qilishgani ma’lum bo‘ldi.

Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chortoq tumanlari aholisiga kuz-qish mavsumida yetkazib berilishi lozim bo‘lgan 838,2 tonna yoki 251 mln 788 ming so‘mlik ko‘mir talon-toroj qilingani aniqlanib, 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: «O‘zbekiston-24» telekanali videolavhasidan skrinshot

Xususan, «Ko‘mirta’minot» MChJ Namangan viloyati filiali Uchqo‘rg‘on ko‘mir ombori mansabdorlari 623,7 tonna yoki 187 mln 290 ming so‘mlik ko‘mir mahsulotidan kamomadga yo‘l qo‘yilgani fosh etilgan.

«Jinoyat ishi tafsilotlariga ko‘ra Uchqo‘rg‘on ko‘mir omborining mansabdorlari aholiga imtiyozli narxda yetkazb berilishi lozim bo‘lgan 627 tonna ko‘mir mahsulotini naqd pulga sotib yuborib, undan tushgan 187 mln so‘m pulni o‘z manfaati yo‘lida ishlatib yuborgan. Mazkur holat bo‘yicha ko‘mir ombori mudri protsessual tartibda ushlandi. Jinoyat ishi bo‘yicha voqea joyini ko‘zdan kechirilib, tergov harakatlari o‘tkazildi.

Ayni paytda Uchqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan ko‘mir ombori mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanib, uni davlat foydasiga undirish choralari ko‘rilmoqda», deydi tuman prokuraturasi tergovchisi Azizbek Mirzakarimov «O‘zbekiston-24» telekanaliga bergan intervyusida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring