Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

9 oyda budjetning 704,9 mlrd. so‘mi noqonuniy yoki bemaqsad ishlatilgan – Moliya vaziri

9 oyda budjetning 704,9 mlrd. so‘mi noqonuniy yoki bemaqsad ishlatilgan – Moliya vaziri

Bugun, 22-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2022-yil to‘qqiz oyi yakunlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida vazirlik va idoralar faoliyatini tashkil etishga davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larni to‘g‘ri sarflash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qoniqarli emas.

Jumladan, hisobotni o‘qib eshittirgan Moliya vaziri Timur Ishmetovga ko‘ra, davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan 2022-yilning 9 oyi davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 704,9 mlrd. so‘mlik budjet mablag‘lari noqonuniy va maqsadsiz sarflangan.

Vazirning ta’kidlashicha, har bir vazirlik va idoralarda tashkil etilgan Ichki-audit boshqarmasi tomonidan xavflarni aniqlash va ularning oldini olish, ularning natijalarini tahlil qilish va doimiy nazorat qilish ishlari to‘g‘ri tashkil etilmagan. Buning natijasida budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki noqonuniy sarflash holatlari kamaymasdan yildan-yilga oshib bormoqda.

Majlisda deputatlar Moliya vaziri bergan ma’lumot va takliflarni e’tiborga olib, vazirlik va idoralarning Ichki-audit boshqarmasini qayta ko‘rib chiqish, xodimlarini o‘qitish, ularning salohiyatini oshirish va nazorat qilish ishlarini muvofiqlashtirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring