Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokatlarning noqonuniy harakatlari fosh etildi

Advokatlarning noqonuniy harakatlari fosh etildi

Toshkent shahri hamda Andijon va Buxoro viloyatlarida advokatlarning noqonuniy harakatlari fosh etildi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bo‘ston tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosining advokat stajyori hamda 1984 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zaro kelishgan holda, o‘zganing nomida bo‘lgan 34 sotix noturar yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga turar joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 34 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning mansabdor shaxslariga nisbatan Bektemir tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 184 va 189-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar fuqaroni javobgarlikka tortmaslik va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llamaslik evaziga 25 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Olmazor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ushbu pul mablag‘ini advokatning ko‘rsatmasiga asosan, uning 1987 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan tanishi olgan vaqtida ushlandi.

Buxoro viloyatida kuzatilgan holatda esa Peshku tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati 2024 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha mazkur tuman sudi tomonidan sudlangan fuqaroga oid ishni kassatsiya instansiyasida ko‘rilishi jarayonida unga nisbatan oqlov hukmi chiqarish masalasini sud tizimidagi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 12 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosining muqaddam sudlangan ishchisi Shayxontohur tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan, Jinoyat kodeksining 131-moddasi bilan poytaxtdagi SPA-salonlardan birining boshqaruvchisiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tanishlari orqali tergov jarayonida tugatishga ko‘maklashish evaziga o‘zining 1993 yilda tug‘ilgan tanishi orqali 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, advokatlik byurosi ishchisi ushbu masalani o‘zi ishlayotgan advokatlik byurosi advokati orqali hal qilib berishni rejalashtirganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va byuro advokati ham mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, advokatlik byurosi ishchisi SPA-salon boshqaruvchisidan muqaddam 4500 AQSh dollari olganligi ham ma’lum bo‘ldi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring