Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon yo‘nalishidagi poyezd ma’muriga berilgan pora yuzasidan munosabat bildirildi

Andijon yo‘nalishidagi poyezd ma’muriga berilgan pora yuzasidan munosabat bildirildi

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» kompaniyasi bir necha kun muqaddam tarqalgan Toshkent-Andijon yo‘nalishida poyezdga chiqqan turk sayyohining tarkibga mas’ul xodimlardan biriga pora berish evaziga o‘z o‘rnini yaxshirog‘iga almashtirgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi.

Kompaniya o‘z munosabatida avvalgi holat – niderlandiyalik sayyohning «Afrosiyob»da poyezd kuzatuvchisiga 15 dollar pora berganini eslatib, ijtimoiy tarmoq faollarini mazkur videolavhani qayta tarqatishda va keng muhokamalarga sabab bo‘layotganlikda ayblaydi. Ammo «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» o‘sha lavhaning oktyabr oyida tarqalmasidan avval qaysi ijtimoiy tarmoq sahifalarida tarqalgani va kompaniya mazkur huquqbuzarlikdan qay tariqa xabardor bo‘lganligi haqida to‘xtalmaydi.

Andijon yo‘lovchi poyezdida turk sayyohi o‘z vagonidan yuqori toifadagi vagonga o‘tish uchun vagon kuzatuvchisiga pul berganligi va vagon toifasini o‘zgartirganligi yuzasidan tarqalgan holat bo‘yicha esa o‘rganishlarda «kerakli ma’lumotlar (qaysi kun, qaysi poyezd, qaysi vagon) ekanligi video rolikda aks etmaganligi sababli» holat o‘z isbotini topishining va aybdor xodimni aniqlashning imkoniyati  topilmagani aytiladi.

O‘z navbatida kompaniya fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan, isbotlanmagan, asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikni  so‘ramoqda.

«Ushbu jarayonda OAVlarida tarqatilayotgan har bir ma’lumot, fuqarolarimizning va yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlarimizning mamlakatimiz temir yo‘llari haqida salbiy tasavvurlar  paydo  bo‘lishiga  olib  keladi», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston temiryo‘llarida korrupsion holat bilan bog‘liq ikkinchi holat kuzatilganidan so‘ng Xabar.uz o‘zining Telegram kanalida so‘rovnoma o‘tkazgan edi.

So‘rovnomada 1763 kishi ishtirok etgan va uning natijalariga ko‘ra: ishtirokchilarning 33 foizi temiryo‘l xizmatidan foydalanganda u yoki bu ko‘rinishda mas’ul xodimlarga pora bergan. Pora bermaganlar esa ishtirokchilarning 56 foizini, bu holatni eslolmaganlar esa 11 foizni tashkil qildi.

Diqqat!

Tizimda korrupsion holatlar uchragan taqdirda, zudlik bilan «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJning ishonch telefoniga (+99871-299-94-50) qo‘ng‘iroq  qilishingiz yoki @pastrans telegram manziliga murojaat qilishingiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring