Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda 3ta oliygoh o‘rnida Texnika instituti tashkil etiladi

Andijonda 3ta oliygoh o‘rnida Texnika instituti tashkil etiladi

Prezidentning joriy yil 18-noyabrdagi PQ-396-son qarori bilan Andijon mashinasozlik instituti, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Andijon fakulteti negizida Andijon davlat texnika instituti tashkil etiladi.

Avtomobilsozlik, elektrotexnika, energetika, to‘qimachilik, muhandislik, qurilish va boshqa sanoat sohalari bo‘yicha, shuningdek, hududning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga muvofiq zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash Institutning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:

  • energetika muhandisligi, sun’iy intellekt, mexatronika va robototexnika kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash hajmi oshiriladi;
  • talabalarining fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi va professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etiladi;
  • talabalarga o‘qish davomida yuzaga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar bo‘yicha barcha zarur xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi;
  • bakalavriat va magistratura bosqichlariga o‘qishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun alohida guruhlarda darslarni xorijiy tillarda o‘tkazish belgilandi.

Andijon mashinasozlik instituti, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Andijon fakultetida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Institutda davom ettiradi.

Bitiruvchi kurs talabalariga 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Institut diplomi beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring