Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayrim qurilish mahsulotlarining haligacha import qilinayotgani tanqid qilindi

Ayrim qurilish mahsulotlarining haligacha import qilinayotgani tanqid qilindi

Bugungi yig‘ilishda davlat rahbari kun tartibidagi asosiy masala – qurilish sohasi iqtisodiyotning barcha tarmoqlari rivojlanishiga katta impuls beradigan sohalardan biri ekanligini ta’kidladi.

Masalan, O‘zbekistonda yiliga 150 trillion so‘mlik qurilishlar bo‘layapti. Bu mablag‘larning uchdan birini qurilish materiallari tashkil etadi.

Xarajatlarning qolgan qismi elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, kimyo, metallni qayta ishlash sanoatlari, qurilish texnikalari, qurish-pardozlash, loyihalash va dizayner xizmatlariga to‘g‘ri keladi.

Sodda qilib aytganda, qurilish – minglab oddiy ishchilarni band qilishdan tortib, loyihachi, arxitektor, dizayner, muhandis-texnolog kabi yuqori maosh oladigan kreativ sanoat mutaxassislariga talabni shakllantiradigan soha.

Yig‘ilishgacha 400 ga yaqin ishlab chiqaruvchi, quruvchi va loyiha tashkilotlarining fikri o‘rganildi. Ularning ko‘pchiligi sohadagi byurokratiya va ortiqcha xarajatlar, mahsulotlar tannarxi va sifatiga e’tiroz bildirgan.

Tadbirkorlarga to‘g‘ri sharoit yaratib berilsa, ularning o‘zi shaffof ishlashdan manfaatdor.

Tadbirkorlar reytingi joriy qilingandan keyin, 11 mingta quruvchi va ishlab chiqaruvchi quyi o‘rindan yuqori va o‘rta o‘ringa ko‘tarildi.

Ulardagi 90 mingta ish o‘rni «soya»dan chiqdi, o‘rtacha oylik 1,4 barobar oshdi.

Lekin, sohada «yashirin iqtisodiyot» yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi.

So‘nggi yetti yilda qurilish materiallari sohasiga 9 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona ishga tushdi, 94 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Ishlab chiqarish 2 karra o‘sdi, yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan korxonalar 150 tadan oshdi.  So‘nggi besh yilda qurilishlar hajmi ham 2 baravar ko‘paydi.

Shu bilan birga, 650 million dollarlik yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish hisobiga qurilishdagi import ulushini 31 foizdan 25 foizga tushirishga erishildi. Qurilish materiallari eksport bozori ham 58 taga yetdi, xorijda 20 dan ortiq savdo omborlari, 50 dan ziyod savdo do‘konlari ochildi.

Lekin, salohiyati, mahsulotiga bozorda talab yuqori bo‘lgan ushbu soha uchun bu ko‘rsatkichlar kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Birgina qo‘shnilarimizning o‘zi bizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan 2 milliard dollarlik qurilish materiallarini boshqa davlatlardan import qilayapti.

Bizda haligacha lak-bo‘yoq, gulqog‘oz, PVXdan quvur va fitinglar, pol qoplamasi, pardozbop tosh, santexnika kabi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan tovarlar import bo‘lmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring