Ayrim toifa bemor bolalarga nafaqa tayinlashda davlat xizmatlari ko‘rsatiladi – loyiha
Nogironligi bo‘lgan bolalar, odamning immunitet tanqisligi virusini keltirib chiqaradigan kasallikka (OIV infeksiyasiga) yoki hayot uchun xavfli va surunkali rivojlanadigan kam uchraydigan (orfan) kasalliklariga chalingan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga kompozit tartibida nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatiladi.
Bu borada Hukumatning tegishli qarori loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab nogironligi bo‘lgan bolalarga va yuqorida qayd etilgan toifadagi 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga nafaqani kompozit tartibda tayinlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda, nogironligi bo‘lgan bolalarni hamda odamning immunitet tanqisligi virusini keltirib chiqaradigan kasallikka (OIV infeksiyasiga) hamda orfan kasaliklariga chalingan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarni tegishli pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida ular nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganda bir vaqtning o‘zida nogironlik nafaqasi tayinlanadi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida mazkur toifa shaxslarga nogironlik nafaqalarini ushbu shaxslarning ishtirokisiz tayinlab boradi.
Nafaqa O‘zbekiston fuqarolariga, shuningdek, O‘zbekistonda doimiy yashaydigan xorijiy fuqarolarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga beriladi.
Davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter