Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Berilgan bojxona imtiyozlarining 420 mlrd so‘mi maqsadsiz qo‘llangan – Prezident

Berilgan bojxona imtiyozlarining 420 mlrd so‘mi maqsadsiz qo‘llangan – Prezident

Videoselektor yig‘ilishida Prezident bojxonada ham bor imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotganini qayd etib o‘tdi.

Masalan, o‘tgan yili import bo‘lgan 20 milliard dollarlik tovarlarga salkam 60 trillion so‘mlik imtiyoz qo‘llangan.

Lekin ushbu imtiyozlarning qanchasi maqsadli va samarali qo‘llangani bo‘yicha bojxonada tahlil yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan yili qo‘llangan imtiyozning bor-yo‘g‘i 3,2 trillion so‘mi o‘rganilganda, ularning 420 milliard so‘mi yoki 13 foizi maqsadsiz qo‘llangan bo‘lib chiqdi.

Shu bois, Bojxona qo‘mitasiga imtiyoz bilan kirgan tovarlarni korxonabay o‘rganib chiqish topshirildi.

Umuman, bu yil qo‘shimcha manbalar hisobidan Soliq qo‘mitasi 40 trillion so‘m, Bojxona qo‘mitasi esa kamida 15 trillion so‘m tushumni ta’minlashi muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda, shuningdek, davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha ishlar holati ham tahlil qilindi.

Masalan, «Donmahsulot» tarkibidagi savdoga chiqarilgan 43 ta korxonadan bor-yo‘g‘i 10 tasi sotilgan. Ayrimlari 2-3 yildan beri sotilmasdan turibdi. Bunga sabab xususiy sektorga bermaslik uchun narxi sun’iy oshirib yuborilgan.

Mutasaddilarga sotilmasdan turgan 33 ta don korxonasi narxini bozor qiymatiga keltirib, joriy yilda sotilishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, xususiylashtirish dasturiga kiritilgan 484 ta davlat aktivlari savdoga chiqarilmayotgani tanqid qilindi. Vaholanki, bularning hisobidan yana 200 milliard so‘m tushum qilsa bo‘lardi.

Vazirlar Mahkamasiga qoloqliklarni bartaraf etib,  2024-yilda 20 trillion so‘m tushum ta’minlaydigan yangi xususiylashtirish dasturini kiritish topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring