Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Berlindagi ko‘rgazmada O‘zbekiston ham qatnashmoqda

Berlindagi ko‘rgazmada O‘zbekiston ham qatnashmoqda

Joriy yilning 20 yanvarida Berlinda «Green week-2023»  doirasida ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» brendi ostida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari stendi namoyish etildi.

Ko‘rgazma ishtirokchilari, jumladan  Germaniya oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi federal vaziri Jem O‘zdemir, Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voysexovskiy, Berlin meri Fransiska Giffay va boshqalar ko‘rgazma bo‘ylab sayohatni aynan O‘zbekiston stendidan boshladilar.

“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” stendi bo‘ylab ekskursiya davomida oziq-ovqat mahsulotlari hamda  mamlakatimizning qishloq xo‘jaligida imkoniyatlari va istiqbollari namoyish etildi.

Tashrif buyuruvchilarga shu yerning o‘zida O‘zbekistonning sarxil va quritilgan mevalaridan hamda milliy taomlaridan tatib ko‘rib, baho berishga imkon yaratildi. Ta’kidlash joizki, 240 kvadrat metr maydonga ega O‘zbekiston stendida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 60 dan ortiq tadbirkorning milliy mahsulotlari namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi Niderlandiya, Kanada, Gruziya, Polsha, Mo‘g‘uliston, Latviya va Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirlari bilan qizg‘in uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shu bilan birga, Jahon banki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi bilan yuqori darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, chorvachilik, vinochilik, g‘alla va yem-xashak ekinlarini yetishtirish va boshqa sohalarda o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Gollandiya, Polsha, Latviya va Kanada tadbirkorlarining O‘zbekistonga biznes missiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Polsha Bosh vaziri o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi va qishloq taraqqiyoti vaziri Xenrik Kovalchik bilan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi tadbirkorlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, urug‘chilik, issiqxonalar, raqamlashtirish sohalarida tajriba almashishni nazarda tutuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ko‘rgazmaning birinchi kuni yakunlari bo‘yicha Germaniya do‘konlariga sublimatsiya usulida quritilgan va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish, Germaniyaning  “Girlos injiniring”  kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda muzlatgichli omborxona qurish, kooperativ asosida meva va sabzavotlarni qayta ishlash «Buxers» kompaniyalari bilan hamkorlikda eksport shartnomalari imzolandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring