Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir oyda 25 mlrd so‘mlik noqonuniy davlat xaridlari aniqlandi – Aksilkorrupsiya agentligi

Bir oyda 25 mlrd so‘mlik noqonuniy davlat xaridlari aniqlandi – Aksilkorrupsiya agentligi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2023-yilning fevral oyida olib borilgan o‘rganishlarda ayrim vazirlik va idoralarning davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yayotgani aniqlandi.

Qayd etilishicha, 2023-yilning fevral oyida vazirlik va idoralar tomonidan jami 4,35 trln so‘mlik 77 411 ta davlat xaridlari amalga oshirilgan.  

Jumladan, Agentlik tomonidan 2023-yilning fevral oyida jami 25 mlrd. so‘mlik qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish hamda kelgusida shu kabi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik haqida buyurtmachilarga 26 ta taqdimnoma, shuningdek, aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Xususan, «Uzbekistan Airports» AJ buyurtmachiligida 2023-yil 7-fevral kuni 4,3 mlrd so‘mga jihozlar xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridi o‘rganilganda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 34-moddasi talabiga zid ravishda davlat xaridlari jarayonida ishtirokchilarga raqobatni cheklovchi shartlar kiritilganligi aniqlangan.

Shuningdek, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Xorazm hududiy filiali buyurtmachiligidagi 2023-yil 10-fevral kuni 2,6 mlrd so‘mga «Temir-beton ustun» xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridi o‘rganilganda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 10,  14, 46-moddalari talablari buzilganligi ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi buyurtmachiligidagi 2023-yil 10-fevral kuni 796 mln so‘mga tibbiy asbob uskunalar sotib olish bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridida affillanganlik holatlariga baho berilmaganligi aniqlandi.

Mazkur holatlarda xarid komissiyasi tomonidan o‘zaro affillangan ishtirokchilar xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatilmasdan O‘zbekiston Respublikasi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunining 23-moddasi va «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunining 14-moddasi talablari buzilgan.

Agentlik tomonidan kiritilgan taqdimnoma va so‘rovnomalar natijasida 12 ta davlat xaridi bekor qilingan hamda 7 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring