Bosh prokuratura muzeyida qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan yangi ekspozitsiyalar ochildi (foto)
«Men bu yerga aybsiz kelganman, men bu dunyodan aybsiz ketishiim kerak,
Diloro (Dinara), Xudodan sening bu yerdan eson-omon chiqishing va
farzandlarimizga bosh bo‘lishingni so‘rayman...»
O‘zbekiston Bosh prokuraturasining «O‘zbekiston prokuraturasi tarix muzeyi»da qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan yangi ekspozitsiyalarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda qatnashgan keng jamoatchilik beixtiyor yuqoridagi suhbatga, ya’ni qatag‘on qurbonining so‘roq qilinish jarayonida «ishtirok» etdi.
Qatag‘on qurbonlari, deganda doimo ko‘z oldimizga yozuvchilar, o‘qituvchilar keladi. Ammo ular orasida turli kasb egalari borki, aniqlanishicha faqat 1917-1940 yillar orasida prokuratura xodimlarining 170 nafari qatag‘on qilingan, ularning 30 nafari otib tashlangan. Ha, aynan o‘tgan yili 31 avgust kuni davlatimiz rahbari bir tashabbus bilan chiqqan edilar, ya’ni turli yillarda qatag‘onga uchragan prokuratura tizimi xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, ularning jasoratini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha. Shundan so‘ng qisqa vaqt ichida yo‘l xaritasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun ishchi guruh tarkibiga prokuratura xodimlari tomonidan turli ilmiy muassasalar, muzeylardan olimlar, mutaxassislar jalb qilindi. Bosh prokuraturaning «O‘zbekiston prokuraturasi tarixi» muzeyining qarovsiz yotgan birinchi qavati va yerto‘lasining jami 1 300 metr kvadrat maydoni jihozlanib, unda qatag‘on qilingan prokuratura xodimlari to‘g‘risidagi bir mingdan ortiq tarixiy ma’lumotlar va tegishli tarixiy ko‘rgazmalar joylashtirildi.
– Ishchi guruh tomonidan bugunga qadar ismlari tarix sahifalarida mavjud bo‘lmagan 100 nafarga yaqin qatag‘on qilingan qozilar, sudyalar, ichki ishlar organlari xodimlari, huquqshunoslar, adliya nozirlari haqida ma’lumotlar shakllantirildi, – deydi Bosh prokuratura kadrlar boshqarmasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Oybek Sultonov. – Bosh prokuratura hamda qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamkorligida qatag‘onga uchragan tizimimiz xodimlariga bag‘ishlangan «Tarixiy xotira beqiyos» nomli kitobning 1 va 2-jildlari nashr etildi. Mazkur kitobga qatag‘onga uchragan 80 nafar xodim haqidagi ma’lumotlar kiritildi.
Bu xodimlarning 10 nafari davlat va siyosat arbobi darajasiga yetgan edi. 3000 dan ortiq eksponatni o‘zidan jamlagan muzeyning o‘ziga xosligi har bir ko‘rgazma, har bir buyum arxivdan olingan tarixiy hujjatlar bilan taqdim etilmoqda. O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyining farqli jihati har bir eksponat ostida tarixiy faktning mavjudligi, faktlarga asoslanganligi. Va muzeyni kengaytirish asnosida shunday fakt va dalillar yuzaga chiqmoqdaki, ular qatg‘on ko‘lami va fojiasi haqidagi tasavvurimizni yanada boyitmoqda va o‘zgartirmoqda. Misol uchun sho‘rolar qatg‘onlarining dahshatli davrida prokuratura organlaridagi shtat birliklari 90 taga ham yetmaganini inobatga olsak, 150 ta xodimning qirg‘in, quvg‘in va qatag‘onga uchragani bu tizimning o‘zi ham qanday falokatli yillarni boshdan kechirganining dalilidir.
Rostdan ham muzey deganda o‘sha tarixdan so‘zlovchi suratlar, eskirib ketgan qo‘lyozmalar, hujjatlar va liboslar, turli ashyolar ko‘z oldimizga keladi. Ammo ushbu muzeyga kiraverishingizda mutlaqo o‘zgacha his sizni chulg‘ab oladi. Tarixning qora kunlarini boshingizdan o‘tkazayotgandek bo‘lasiz. Mana o‘lim kamerasi, somonli tapchan, eskirib ketgan choyshab. Yoki bo‘lmasa qanchadan-qancha odamga o‘qilgan hukmni chiqillatib yozgan mashinka va o‘sha davr odamlarini, qatag‘on qilingan yurtdoshlarimizning mulyajlari. Ya’ni bu muzeyga kirishingiz bilan o‘sha davrning ovozini eshitasiz, hidini his qilasiz... O‘lim kamerasida orqa o‘girib turgan vatandoshimiz va unga qarata harbiy o‘q uzmoqda – paq-paq. Xuddi sizning ko‘z oldingizda otilayotgan qatag‘on qurboni. Sal nariroqda o‘zbek huquqshunosligining ilk qaldirg‘ochi Muhammadjon Mo‘minov so‘roq qilinmoqda...
– Hozir zamon taraqqiylashdi, texnologiya asrida yashayapmiz. Bolalarni endi shunchaki kitob bilan yoki joyidan qimirlamas eksponatlar, stendlar bilan qiziqtirib bo‘lmaydi, bu muzey raqamlashtirilgani bilan barchaning e’tiborini tortadi, prokuratura dunyo muzeychiligining imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olgan, – deydi tarixchi, olim Bahrom Irzayev. – Amerikada, Angliyada deysizmi, odamlari doimo gavjum muzeylar mana shunday jonlantirilgan eksponatlari bilan mashhur.
Ma’lumotlarga qaraganda ushbu muzeyning kengaytirilishi, yangi ko‘rgazmalar bilan boyitilishi asnosida qatag‘on qilingan har bir xodim uchun alohida monografiya va hujjatli filmlar tayyorlanmoqda. Ishchi guruh tomonidan O‘zbekiston SSRning birinchi prokuratura binosi Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahri, Ochildi Miriy ko‘chasida joylashganligi aniqlangan. Bundan 120 yil oldin qurilgan ushbu bino qarovsiz holda bo‘lib, shaxsiy maqsadlar uchun sotib yuborilganligi va buzib tashlash arafasidaligi aniqlanib, prokuratura aralashuvi va madaniy meros ob’yekti ro‘yxatiga olindi va hozirda rekonstruksiya ishlari boshlangan.
Muzey menda boshqacha taassurot qoldirdi. Qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimning og‘riqlarini, o‘sha davr mudhishliklarini his qildim. Muzeylarimiz soni nafaqat oshgani, balki o‘zgacha bir yondashuv bilan yondashilgani tahsinga sazovor. Ko‘pchilikning xayolida aylanayotgan, bu muzey prokuratura binosida bo‘lsa hamma ham kira oladimi degan savolga javob – ha, bu muzey keng jamoatchilik uchun mo‘ljallangan. Agar siz shu yurtning farzandi, bizning mustaqilligimiz uchun jon olib, jon bergan vatandoshlarimiz haqida yana bir o‘sha davrning fojealarini ro‘yi ro‘st aytib beradigan ushbu muzeyga bir bor tashrif buyurmasangiz, qatag‘on qurbonlari haqida ko‘p eshitdim yoki o‘qiganman demang...
Farzandlaringiz bilan ushbu muzeyga albatta tashrif buyuring, zero bu yurt hurligi uchun qanchadan-qancha ota-bobolarimiz jon olib jon berganini tarixiy hujjatlar nafaqat jimgina «gapirib» beradi, balki ularning ovozini eshitasiz, tashvishlarini, og‘riqlarini, azoblarini his qilasiz – iztirob chekasiz...
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter