Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dehqonobod Kaliyli o‘g‘itlar zavodi homiyligida 20 ta kam ta’minlangan oila farzandlarining xatna to‘yi o‘tkazildi

Dehqonobod Kaliyli o‘g‘itlar zavodi homiyligida 20 ta kam ta’minlangan oila farzandlarining xatna to‘yi o‘tkazildi

Bir necha kun muqaddam Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida tuman hokimligi tashabbusi va Kaliy zavodi homiyligida tumanning Dashtqo‘ton kengliklarida 20 ta kam ta’minlangan oila farzandining xatna to‘yi o‘tkazildi. Bu haqda «Daryo» nashri xabar bermoqda.

Foto: «Daryo»

Qariyb 20 ming kishi ishtirok etgan to‘yda viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ham ishtirok etib, xonadon sohiblarini chin dildan qutladi. Kaliy zavodi homiyligi bilan tashkil etilgan to‘yda har bir bolaga velosiped hamda pul mukofoti berildi.

Foto: «Daryo»

— 6 yoshli Muslimbek o‘g‘limning to‘yida viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ham ishtirok etdi, — deydi Mohira Muqimova. – To‘g‘risi, o‘g‘lim 6 yoshga kirsa ham to‘yini o‘tkazishga qiynalib kelayotgandik. Shukurki, tuman hokimiga qilgan murojaatimiz va Kaliy zavodining homiyligida bugun o‘g‘lim Muslimbek Allanazarov va yana 19 nafar bolaning ham to‘yi o‘tkazib berilmoqda. To‘yimizga tumanning eng chekka hududlaridan ham mehmonlar kelishgan. Shuning uchun ham men bugun dunyodagi eng baxtli onalardan biriga aylandim.

Foto: «Daryo»

Xayriya to‘yida shuningdek, ko‘pkari musobaqasi, voleybol, sirk tomoshasi va kitob yarmarkasi ham tashkil etildi.

Tuman hokimligi mas’ullarining ma’lumot berishicha, ko‘pkarida viloyatning barcha hududlaridan kelgan 500 nafar chavandoz ishtirok etib, sovringa qo‘yilgan tuya va qimmatbaho sovg‘alarni qo‘lga kiritgan.

Tuman hokimi tashabbusi bilan tashkil etilgan kitob yarmarkasida esa 5000 ta badiiy kitob sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, tadbir ishtirokchilarining qiziqishiga sabab bo‘lgan.

Foto: «Daryo»

Xatna to‘yda poytaxtdan tashrif buyurgan san’atkorlar va viloyat musiqali drama teatri aktyorlari ham ishtirok etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring