Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Energetika vazirligi aholi orasida tarqalayotgan mish-mishlarga izoh berdi

Energetika vazirligi aholi orasida tarqalayotgan mish-mishlarga izoh berdi

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda soatiga 4,5 kilovatt soatdan ortiqcha elektr energiyasi ishlatgan xonadon elektr ta’minotidan uzilishi haqida tasdiqlanmagan xabarlar e’lon qilinyapti.

Energetika vazirligi mazkur xabarlarga rasmiy tushuntirish berdi.

Vazirlikka ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarori bilan qabul qilingan Qoidalarning 63-4-bandiga asosan, iste’mol qilinadigan elektr energiyasidan oqilona foydalanish maqsadida maishiy iste’molchilarning elektr energiyasi iste’moli yuklama orqali chegaralanishi, bunda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan elektr energiyasini nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan va joylashgan hududidan kelib chiqib, hisoblagich orqali 10 – 15 kVt quvvat doirasida cheklov kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Aholi orasida tarqalayotgan xabarlar, ya’ni «cheklovning soatiga 4,5 kilovatt soat uchun» degan gap esa  shu bandning noto‘g‘ri talqinidir.

Vazirlikning ta’kidlashicha, Hukumat qarori bilan tasdiqlangan hujjatda bu amaliyot iste’mol yuqori bo‘lgan joylarda qo‘llanilishi va iste’molchi ortiqcha uskunalarni o‘chirib, kuchlanishni belgilangan me’yordan kamaytirsa, hisoblagich uzog‘i bilan 15 daqiqa ichida avtomatik ravishda yonishi belgilangan.

«Biroq havo haroratining sovuq kunlarida iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu norma vaqtincha bekor qilindi.

Ya’ni, xonadon egasi elektr energiyasidan belgilangan me’yordan ortiqcha foydalanganda, hisoblagich avtomatik tarzda o‘chirib qo‘yilmaydi», – deyiladi energetika vazirligi xabarida.

O‘z navbatida, iste’molchilardan keraksiz, ortiqcha elektr uskunalardan imkon qadar foydalanmaslik, elektr energiyasini tejash va behuda yonib yotgan quvvatlarni o‘chirib qo‘yish so‘ralmoqda.

Ma’lumot uchun, iste’molchi soatiga 15 kVt ishlatish uchun o‘rtacha:

  • 6 ta muzlatkich;
  • o‘rtacha 1,5 kVt quvvatli 3 ta konditsioner;
  • 3 ta elektr pechi yoniq turishi kerak.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring