Yevropa Ittifoqining bosh diplomati O‘zbekistonga kelmoqda

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas bugun, 27-mart kuni O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda YeI delegatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
YeI bosh diplomati 27-mart kuni, avvalo, Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkaziladigan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo vazirlar uchrashuvida qatnashib, unga raislik qiladi.
Vazirlar mashvaratida joriy yil 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ilk Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitiga tayyorgarlik, Rossiyaning Ukrainaga bosqinining mintaqaga ta’siri, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik, muhim bo‘lgan xomashyo, energetika va suv resurslari, savdo, xalqlar o‘rtasidagi aloqalar, ta’lim kabi mavzular muhokama etiladi.
Kaya Kallas Ashxobodda Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov bilan uchrashadi.
Shundan so‘ng YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, YeK vitse-prezidenti Toshkentga tashrif buyuradi. Yevropalik yuqori martabali mehmon prezident Shavkat Mirziyoyev hamda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan muloqot o‘tkazadi.
Bu 2024-yil 1-dekabrdan YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti vazifasida ish boshlagan Kaya Kallasning O‘zbekistonga ilk tashrifidir.
Tashrif dasturiga ko‘ra, Kaya Kallas 28-mart kuni Qozog‘istonda prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev hamda tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan ham uchrashadi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 12-18 mart kunlari Markaziy Osiyo turnesi doirasida yurtimizda YeIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela ham mehmon bo‘lgandi. Tashrif yakunida Toshkentda «Markaziy Osiyoda raqamli o‘zaro aloqadorlikni rivojlantirish bo‘yicha Yevropa jamoasi tashabbusi» doirasida YeI tomonidan moliyalashtiriladigan ikki strategik loyiha bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 3-4 aprel kunlari O‘zbekiston mezbonligida ilk mintaqaviy sammit bo‘lib o‘tadi. Oliy darajadagi mashvaratda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston yetakchilari hamda Yevropa kengashi rahbari Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen qatnashadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter
Izohlar mavjud emas