Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa sanksiyalarni aylanib o‘tishda Rossiyaga yordam berayotganlar uchun eksportni cheklashi mumkin

Yevropa sanksiyalarni aylanib o‘tishda Rossiyaga yordam berayotganlar uchun eksportni cheklashi mumkin

Yevropa ayrim davlatlarning Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotganiga oid dalillarni topsa, ularga sanksiya qo‘yilgan tovarlarni yetkazib berishni to‘liq taqiqlash masalasini ko‘rib chiqyapti.

Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ma’lum qilgan.

Shuningdek, Yevroittifoq Rossiya orqali uchinchi davlatlarga sanksiya qo‘yilgan tovarlar tranzitini taqiqlash imkoniyatini ham muhokama qilmoqda.

Ursula fon der Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi tovarlar yo‘lda «yo‘qolib qolyapti» va bu sanksiyalar buzilganligini ko‘rsatadi.

Financial Times gazetasi 11-may kuni Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan va Rossiya orqali Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga yetkazilishi kerak bo‘lgan 1 milliard dollarlik tovarlar yo‘lda «yo‘qolib qolgan»ini yozgan edi.

«Bu miqdor faqat Rossiyaga olib kirish taqiqlangan ikkilamchi maqsadli tovarlar bo‘lib, aslida bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin», – deya ta’kidlagan gazeta.

Yevrokomissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda bir qator mamlakatlarning Yevropa Ittifoqi bilan savdosi keskin oshdi. Ammo Yevroittifoq mintaqadan qancha tovarlar jo‘natilgani, qanchasi Rossiya orqali tranzit o‘tgani va qanchasi manzilga yetib borganini o‘rganmoqda.

«Shu sababli, YeI sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish mexanizmini muhokama qilmoqda. Kelgusida Rossiya orqali tranzitni taqiqlash kerakmi yoki yo‘q, degan masala o‘rganilayapti», – deydi Ursula fon der Lyayen.

Bloomberg Yevroittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-raundi bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani va unda uchinchi davlatlarni Rossiyaga yordam berishdan bosh tortishga majburlash uchun ularga qarshi yangi mexanizm yaratish masalasini muhokama qilayotganini yozdi.

Nashrga ko‘ra, birinchi bosqichda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo va Rossiyaning eng yaqin qo‘shnilariga e’tibor qaratadi va hozircha Xitoyga tegmaydi.

Reuters agentligi esa 10 may kuni Yevropa Ittifoqi Xitoy, Qozog‘iston va O‘zbekistonning o‘nlab kompaniyalariga nisbatan cheklovlar tayyorlayotgani haqida xabar bergan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring