Farg‘onada yana yong‘in va yana qurbon bor
Farg‘ona shahridagi solidol va litol ishlab chiqarish sexida kecha, 21-dekabr kuni yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat FVB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, favqulodda vaziyatlar bo‘limiga soat 14:13 da Mustaqillik mahallasi Kimyogar ko‘chasida joylashgan sexda yong‘in kelib chiqqani haqida xabar kelib tushgan.
«O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga 14:21 da yetib borgan, 14:24 da hudud to‘liq qurshab olingan. 14:32 da esa yong‘in batamom o‘chirilgan», – deyiladi viloyat FVB xabarida.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in oqibatida bir kishi voqea joyida halok bo‘lgan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqishi sababi va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahridagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida yong‘in chiqqan va natijada 4 kishi halok bo‘lgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter