Fuqarolarni obro‘sizlantiruvchi materiallarni tarqatib kelgan guruh a’zolari qo‘lga olindi
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi tomonidan Telegram messenjerida «Hello Tashkent, ...» nomli kanal va guruhlar tashkil qilib unga fuqarolarning foto-videolarini joylashtirgan va ularni o‘chirish evaziga pul talab qilib kelgan guruh aniqlandi.
Qayd etilishicha, ular mazkur guruh va kanallarga qizlar va ayollarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi video va foto materiallarni joylashtirib, ularni o‘chirish uchun pul talab qilgan.
Dastlab, guruh a’zolari ochiq guruhlarda tasvirlarni joylab, qiziquvchilarni VIP-chatga taklif qilgan. VIP-chatga a’zo bo‘lish esa 100 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha etib belgilangan.
Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan olib borilgan texnik va tezkor-qidiruv ishlari natijasida ushbu faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olindi.
IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda mazkur jinoiy guruhga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilyapti.
Vazirlik yuqoridagi guruh va kanallardan jabrlangan fuqarolar 102 yoki +998 99 117 60 87 raqamiga xabar berishlarini so‘ramoqda. Ma’lumot bergan fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanishini qayd etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter