Gaz konlarida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi kamayib ketyapti – Energetika vazirligi
O‘zbekistondagi mavjud gaz konlarida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari yildan-yilga kamayib borayotgani aytilmoqda.
Enegetika vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilda belgilangan rejaga nisbatan 229 mln metr kub kam tabiiy gaz qazib chiqarilgan, 2022-yilning 11 oyida esa rejaga nisbatan 5,8 foizga kam tabiiy gaz qazib chiqarildi.
«Mamlakatimiz hududlaridagi gaz konlarida rejaga nisbatan sutkasiga o‘rtacha 7 foizga kam tabiiy gaz qazib chiqarilmoqda. Buning asosiy sababi gaz konlarida tabiiy gaz zaxiralarining kamayib borayotganligidir.
Bugungi kunda ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan havo haroratining keskin sovib ketishi sababli quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda. Qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz to‘liq ichki iste’mol uchun, xususan aholi va ijtimoiy soha ob’yektlari hamda issiqlik elektr stansiyalariga yo‘naltirilmoqda», – deyiladi vazirlik ma’lumotida.
Ma’lumot o‘rnida, 2022-yilning yanvar-oktyabr oylarida, Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Xitoyga quvur orqali gaz yetkazib berish qiymati 916,7 million dollarni tashkil etgan. Bu 2021-yilning shu davriga nisbatan 152,5 foizga ko‘pdir.
Vazirlik, shuningdek, birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ob’yektlarini (maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab, o‘quv yurtlari, shifoxonalar va boshqalar) energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash asosiy maqsad ekanini qayd etadi.
«Hozirgi kunda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirishning zarur chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda. Shu munosabat bilan iste’molchilardan ushbu holatni to‘g‘ri tushungan holda energiya resurslaridan imkon qadar oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘raymiz», – deyiladi Energetika vazirligi ma’lumotida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter