Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston gaz yordamida elektr ishlab chiqarishni 2 baravarga oshirmoqchi

O‘zbekiston gaz yordamida elektr ishlab chiqarishni 2 baravarga oshirmoqchi

Foto: Xabar.uz

Elektr energiyasi ishlab chiqarishda quyosh, shamol va gidroenergetika ulushini oshirish rejalariga qaramay, O‘zbekiston gazdan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarishni deyarli 2 baravar oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 1 noyabr kuni Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida ma’lum qildi.

«Qayta tiklanadigan energiyani joriy etish bo‘yicha juda katta rejalarimiz, xususan, quyosh va shamol energiyasi ulushini ko‘paytirish, yangi energiya saqlash tizimlarini yaratish, gidroenergetika ustida ishlash kabilar borligiga qaramay gazdan voz kechmaymiz. Hozirda elektr energiyasining 75 foizi gazdan foydalanib ishlab chiqarilmoqda.

Qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida yangi ishlab chiqarish quvvatlari bilan bir qatorda gaz uchun ham yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joriy etmoqdamiz. Joriy yilning o‘zida biz 1,5 GVt quvvatga ega yangi bug‘-gaz stansiyalarini ishga tushirmoqdamiz… Umumiy ishlab chiqarishda tabiiy gaz iste’moli darajasini saqlab qolgan holda, gaz ishlab chiqarish hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarishni qariyb ikki baravar oshirishni rejalashtirganmiz. Ya’ni, tabiiy gaz kerak, biz bu yo‘nalishda ishlashda davom etamiz», – degan u.

O‘zbekiston gazni Turkmanistondan, 7 oktyabrdan esa Rossiyadan import qilmoqda. Vazirning ta’kidlashicha, respublikada aholining yillik o‘sishi deyarli 1 million kishini tashkil etadi, iqtisodiyot esa qariyb 6 foizga o‘smoqda, bu esa energiya iste’molini kamida 10−15 foizga oshiradi.

«So‘nggi olti yil ichida elektr energiyasi iste’moli 40 foizga oshdi va 2030 yilgacha ham xuddi shunday sur’atda o‘sishni kutmoqdamiz. Tabiiyki, savol tug‘iladi, buni qanday ta’minlash kerak? Darhaqiqat, biz gaz qazib oluvchi davlatmiz, avvallari sof eksportchi bo‘lganmiz, ammo hozirgi sharoitda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini ta’minlash uchun tabiiy gazni import qilishga majburmiz», – degan Mirzamahmudov.

Bundan tashqari, Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston va Rossiya gaz-kimyo sohasida gazni qayta ishlashni 2−3 barobarga oshirish, gaz sohasidagi hamkorlikni uzoq muddatda rivojlantirish niyatida ekanini ham ma’lum qilgan. ni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktyabr kuni Rossiya  Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni boshlagandi. 3 noyabr kuni mazkur yo‘nalish bo‘yicha «Gazprom»dan 300 mln kub metr gaz yetkazib berilgani ma’lum qilindi. 2023 yil oxirigacha Qozog‘iston 800 million kub metrga yaqin Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni rejalashtirayotgani aytilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring