Har bir shaxsning internetdan erkin foydalanish huquqi bor – yangi Konstitutsiya
Hozirgi kunda Internet aloqa vositasidan ko‘ra ko‘proq virtual muhitga aylanib bormoqda. Ko‘plab tushuncha va xizmatlar «real» hayotdan «virtuallik»ka ko‘chib o‘tmoqda. Odamlar ishini, o‘qishini, hobbilarini, turli tovar va xizmatlar logistikasini, qolaversa, davlat xizmatlarini ham internetga ko‘chiryapti.
Bu esa qonunchilikni zamonga hamnafas qilib o‘zgartirishni taqozo qilmoqda. Internetga kirish va undan erkin foydalanish huquqi insonning so‘z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq davlat chegaralaridan va shakllaridan qat’i nazar turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini qamrab oladi.
Internet aloqa vositasidan muhitga qarab o‘zgarar ekan, uni taqiqlash va cheklash nafaqat noto‘g‘ri, balki mantiqsiz ham bo‘lib bormoqda. Buni yaqin-yaqingacha turli ijtimoiy tarmoqlarni cheklashda ko‘rdik. Birinchidan, har qanday to‘siqni chetlab o‘tishning texnik imkoniyatlari mavjud (VPN, proksi-serverlar) va ulardan foydalanish har kimning qo‘lidan keladi. Ikkinchidan, qonunga zid axborot tarqaladigan vosita – ijtimoiy tarmoq bo‘ladimi, OAV bo‘ladimi, uni cheklash yechim emas.
Bu borada fuqarolarimiz anglab yetishi kerakki, axborotni, shu jumladan Internet orqali, izlash, olish va tarqatish erkinligi ularning zimmasiga alohida majburiyat va mas’uliyat yuklaydi va ularga nisbatan qonunga muvofiq ravishda ayrim cheklovlar o‘rnatilishi mumkin. Bunda barchamiz mas’uliyatimizni anglasak, oqni qoradan, haqiqatni yolg‘ondan, dalilni provokatsiyadan ajrata olsakkina, muammoga tizimli yechim topgan bo‘lamiz.
2011-yil 3-iyundagi Rezolyutsiyaga muvofiq, BMT Internetga kirish huquqini insonning ajralmas huquqlaridan biri sifatida tan oladi.
Konstitutsiyamizning 33-moddasiga kiritilayotgan yangi normalar har bir shaxsning Internet jahon axborot tarmog‘idan erkin foydalanish huquqini hamda mazkur huquqlarni cheklashga qaysi hollarda yo‘l qo‘yilishi aniq belgilamoqda.
33-modda.
Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.
Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi.
Mazkur huquq va cheklovlarni raqamlashtirish asrida demokratik, huquqiy va adolatli jamiyat qurayotgan barcha davlatlar uchun zarurdir. Ularni Konstitutsiyada mustahkamlash fuqarolarning huquqlarini amalga oshishi, ularning himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter