Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hokimliklar bilan kelishiladi... » – ta’lim muassasalarida o‘qish ertadan boshlanishi aytilmoqda

«Hokimliklar bilan kelishiladi... » – ta’lim muassasalarida o‘qish ertadan boshlanishi aytilmoqda

Biroz avval Andijon va Xorazm viloyatlarida ayrim ta’lim muassasalari uchun o‘quv jarayonlari boshlanishi haqida xabar bergan va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining joriy yil 5 yanvardagi «havo haroratining keskin pasayishi davrida aholi o‘rtasida, ayniqsa ta’lim tashkilotlarida mavsumiy gripp kasalligining keskin ko‘payishining oldini olish maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddatini 18 yanvarga qadar uzaytirish» haqidagi xavotirli chiqishi rasman bekor qilinmayotgani savol ostiga olingan edi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, nihoyat, rasman 2023 yil 11 yanvardan boshlab oliy hamda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanishi haqida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoni bilan OTM, texnikum, kollej, kasb hunar maktablari va akademik litseylarda o‘quv jarayonini mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tashkil etish tavsiya etildi.

Shuningdek, ushbu jarayonlarni belgilangan tartibda amalga oshirish maqsadida har bir ta’lim muassasasida:

  • kecha-yu kunduz faoliyat olib boradigan, malakali mutaxassislardan iborat «Shtab» tashkil etiladi;
  • anomal sovuq bo‘lishi kutilayotgan 10-18 yanvar kunlarida barcha ta’lim muassasalarida har qanday majlislar (jumladan, ZOOM shaklida ham), tadbirlar, mas’ullarni asosiy faoliyatidan chalg‘ituvchi boshqa yig‘ilishlar o‘tkazish ta’qiqlanadi;
  • ta’lim muassasalari binolarining issiqlik tizimlarini barqaror ishlashi ta’minlanadi.

Shuningdek, ta’lim muassasalari rahbarlari va tegishli mahalliy hokimliklar talaba-o‘quvchilarni xabardor qilish, ularni OTM joylashgan hududga yetib kelishini ta’minlash hamda mazkur jarayonlarni shaxsan nazoratga oladilar. O‘quv jarayonlarini tashkil etishda xudud imkoniyatlari, talabalarning noqulay ob-havo sharoitlarida oliygohlarga yetib kelishlari to‘la inobatga olinishi va bunga zarur shart-sharoitlar yaratilishi lozimligi bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

«O‘quv jarayonini tashkil etishda zaruriyat tug‘ilganda o‘quv grafigiga o‘zgartirish kiritish ruxsat beriladi. 20 yanvarga qadar talabalarning imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishlari tavsiya etiladi.

Alohida ta’kidlaymizki, 20 yanvarga qadar yakuniy nazorat ishlari tashkil etilmaydi. Ob-havo sharoitlari tufayli o‘qishga kelolmagan talabalarga o‘quv jarayonlarini boshlash hamda nazorat imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tegishli masofaviy dasturlar taklif qilinadi», – deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zgidromet mutaxassisi Erkin Abdulahatovga ko‘ra esa, 11 yanvar erta tong sovuq antitsiklon periferiyasining mintaqaga «chuqurroq» kirib kelish fonida respublikaning katta qismida juda past haroratlar bo‘lishi mumkin. 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu masalada hali rasmiy bayonot bergani yo‘q. Ayrim viloyatlarda maktablarda ham o‘qish boshlanishi e’lon qilindi. Shu sababdan, maktab vazirligi ham bayonot berishi zarur.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring