Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti rahbari lavozimi joriy qilindi

Ichki ishlar vazirligida raqamli texnologiyalarni tizimga tatbiq etish masalalarini takomillashtirish, kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularni fosh etish samaradorligini oshirish bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga oid yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ullari, Ichki ishlar vaziri va sohaviy xizmatlarning mutasaddilari hamda prokuratura organlarining rahbariyati ishtirok etdilar.
Tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Ichki ishlar vazirligida Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamentini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari va ularda belgilangan ustuvor vazifalar o‘qib eshittirildi.
Ta’kidlanishicha, jamiyatda jinoyatchilikning yangi shakllari, kiberjinoyatlar va axborot tahdidlarining ortib borishi ortidan huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida raqamli texnologiyalarni joriy etish strategik zaruratga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga asosan, mazkur jarayonning huquqiy, tashkiliy va texnik asoslarini takomillashtirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida huquq-tartibot idoralari tizimidagi raqamli islohotlarni rivojlantirish, xalqaro tajribalar asosida istiqbolli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, raqamli texnologiyalar yordamida inson huquqlarini ta’minlash samaradorligini oshirish, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda korrupsiyaga qarshi kurashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish imkoniyatlarini kengaytirish vazifalari belgilanib, bu borada mas’ul davlat organlari, tashkilotlar, banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining aniq mas’uliyati va javobgarligi kiritilmoqda.
Shuningdek, Davlat rahbarining qaroriga asosan Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tugatilib, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti rahbari lavozimi kiritildi, ushbu lavozimga polkovnik Zufar Kurbanov tayinlandi.
Yig‘ilishda, ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish masalalari, bu jarayonning asosiy yo‘nalishlari va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi, mas’ullarning taklif va mulohazalari tinglandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter