Talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi soddalashtirildi
Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar-joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 376-son (14.08.2023-y) qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Vazirlar mahkamasining 605-son qaroriga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi.
Bunda talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (330 ming so‘m), qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (165 ming so‘m) miqdorida to‘lanishi belgilab qo‘yildi.
Ijara to‘lovining bir qismini qoplash uchun talabalarga qo‘yiladigan bir qator talablar bekor qilinib, talabgorni aniqlash mezonlarini belgilash vakolati oliy ta’lim muassasasidagi komissiyaga berildi. Bu orqali haqiqatda ijaraga ehtiyojmand bo‘lgan talabalarning imtiyozdan foydalanish imkoniyati yanada oshiriladi.
Shuningdek, birinchi bosqich talabalariga sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi joriy etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter