Ikki oyda 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda mutasaddi idoralar hamkorligida «Haj» va «Umra» ziyoratlarini tartibga solish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralar olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, so‘nggi ikki oyda «Haj» va «Umra» ziyoratini qonunga xilof ravishda tashkil etishning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan, «Umra» xizmatini ko‘rsatayotgan 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shu bilan birga, «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun talablari asosida «Umra» faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirgan 24 ta turfirmada tekshiruv o‘tkazilib, ularning 19 tasiga 75 mln so‘mdan jarimalar qo‘llanilgan (5 tasi reklamaga doir qonunchilikni buzganligi uchun Raqobat qo‘mitasi va Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonuniy ko‘rib chiqish uchun yuborilgan).
Eslatib o‘tamiz, qonunchilikka ko‘ra, «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni litsenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik subektlari tomonidan ko‘rsatish taqiqlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Hukumatning 2024-yil 12-oktyabrdagi «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 668-son qaroriga muvofiq, ushbu ziyorat xizmatini faqatgina tegishli litsenziyasi bor firmalargina (12 ta) ko‘rsata oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter