«Imperialistik ramzlarga muhabbat milliy tahdid sifatida baholanishi kerak» – Alisher Qodirov

Joriy yilgi 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar fonida poytaxt Toshkent shahrida bir nechta holatda provakatsion harakatlar sodir etildi.
Jumladan, Yakkasaroy tumanidagi Birodarlik qabristoni hududida mazkur kunni O‘zbekiston bayroqlari bilan nishonlayotgan fuqarolar sobiq ittifoq bayroqlarini ko‘tarib, ko‘kraklariga «Georgiy lentasi»ni taqib olgan «O‘lmas polk»chilarning haqorat va tuhmatlariga uchradi. Shuningdek, Chilonzor tumanidagi 188-maktab o‘qituvchisining dars vaqtida o‘quvchilarni tadbirga jalb qilgani sabab ishdan olinishi ayrim provakator faollar tomonidan o‘zlariga mos tarzda noto‘g‘ri talqin qilinishiga asos bo‘ldi.
«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari ushbu vaziyatga munosabat bildirib, jumladan, «bog‘cha va maktablarda bolalarning ongostiga o‘zligimiz xo‘rlangan sovet davriga sog‘inch, ajdodlarimizni qirg‘in qilgan imperialistik ramzlarga muhabbatni singdirilishi milliy tahdid sifatida baholanishi zarur»ligini ta’kidladi.
«O‘zbekistondagi bog‘cha va maktablar farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida, o‘zligimizga mehr va sadoqat bilan tarbiyalash uchun kerak, tashqi propoganda targ‘iboti uchun emas. MMT vazirligidan bu masalada izoh so‘raladi», – deydi Qodirov.
U, shuningdek, tashqi ishlar vazirligiga Rossotrudnichestvo faoliyatini tahlil qilish haqida so‘rov yuborish niyatida ekanini aytadi.
«Non berib qo‘lidan ayrilgan xalqmiz, yaxshi niyatimiz suiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak», – deydi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter