Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jizzaxda eng namunali Sardorlar Kengashi aniqlandi

Jizzaxda eng namunali Sardorlar Kengashi aniqlandi

“Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Eng namunali Sardorlar Kengashi” ko‘rik-tanlovining Jizzax viloyat bosqichi o‘tkazildi. Tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish, Sardorlar Kengashi tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash va kelajakda ularning mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yetuk kadr bo‘lib yetishlariga ko‘maklashish maqsadiga qaratilgan “Eng namunali  Sardorlar Kengashi” ko‘rik-tanlovi eng namunali tuman-shahar Sardorlar Kengashini aniqladi.

Jizzax shahridagi viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan ko‘rik-tanlovda viloyatning barcha tuman-shaharlaridan tashrif buyurgan 13 jamoa bahslashdi. Tanlovda jamoalar “Bu bizning faoliyat”, “Bizning imkoniyatlarimiz!”, “Intellektual ring” shartlari bo‘yicha bellashdi. Bunda tuman-shahar sardorlar kengashi faoliyati samaradorligini oshirish, tajriba almashish, yetakchilik va tashabbuskorlik qobiliyatini namoyon etish, yangi-yangi loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

“Bu bizning faoliyat” deya nomlangan ilk shartga ko‘ra, jamoalar keyingi o‘quv yilida amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyihalari va faoliyatlarini badiiy chiqishlar orqali tanishtirishdi. “Bizning imkoniyatlarimiz” deb nomlangan ikkinchi shartga ko‘ra, ishtirokchi jamoalar bolalar orasida mavjud muammolarga yechimni o‘z yangi loyihalari bilan topishlari lozim edi. G‘allaorol, Forish, Sharof Rashidov tumanlari hamda Jizzax shahri Sardorlarining ijtimoiy loyihasida ayni bugungi kun muammolari ko‘tarilgani, ijtimoiy ahamiyati jihatidan bolalar muammolarini hal qilishga qaratilgani bilan e’tiborga sazovor bo‘ldi.

“Intellektual ring” shartida ishtirokchi jamoalarning ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Bunga ko‘ra, ular hakamlar tomonidan taqdim etilgan 10 ta savolga javob berishdi. Shartga aqliy barkamollik bilan kirishgan jamoalar bilimi yuqori baholandi. Yangiobod, Zarbdor tuman sardorlar Kengashi bu shartda ilg‘orlikni qo‘ldan bermadi.

— Barcha ta’lim muassasalarida tashkilotning eng quyi bo‘g‘ini — “Kamalak” bolalar tashkilotining sinf va maktab Sardorlar Kengashi faoliyat yuritadi, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari, viloyat “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Shohida Damanova. — Shuningdek, har bir tuman, shaharda turli yo‘nalishlarda 18 nafar a’zoni birlashtirgan Sardorlar Kengashi faoliyat olib boradi. Bugun tuman-shaharlarda faoliyat yuritayotgan Sardorlar Kengashining eng namunali, tashabbuskor va faollari aniqlandi. Ko‘rik-tanlovning “Intellektual ring” shartiga ancha murakkab bo‘lgan savollarni tanladik. Chunki bugungi ishtirokchilar oddiy o‘quvchi emas, sardor o‘quvchilar. Shartlarda ayrim jamoalar o‘ziga qo‘yilgan vazifani a’lo darajada uddalagan bo‘lsa, ayrim tuman jamoalari savollarga javob topishda biroz ikkilanishdi. Asosiysi, sardorlar Kengashi a’zolari o‘zaro tajriba almashib, o‘z faoliyatidagi kamchiliklarni his qilib, ularni bartaraf etishga harakat qildi.

Qizg‘in bahs-munozara ostida o‘tgan ko‘rik-tanlovda G‘allaorol tuman sardorlar Kengashi 1-o‘rinni, Forish va Zarbdor tumanlari sardorlar Kengashi 2-o‘rinni, Yangiobod tumani hamda Jizzax shahar sardorlar Kengashi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘allaorol sardorlarining “G‘allaorol yulduzlari” jamoasi ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.   

Yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish maqsadini ko‘zlagan  “Kamalak” bolalar tashkilotining yorqin loyihalaridan biri sardorlar uchun tajriba maktabi bo‘ldi. Asosiysi, mazkur ko‘rik-tanlov sardorlar kengashi a’zolarining yutuq va tajribalarni tahlil qilish, o‘zaro tajriba almashishida qulay imkoniyat yaratdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring