Jizzaxda fuqaroga tenderdan yer olib bermoqchi bo‘lgan hokimlik mansabdori qo‘lga olindi
Jizzax viloyatida Yangiobod tumanida qurilish firmasi rahbari shamol elektr stansiyalari qurishni rejalashtirgan tadbirkorga tuman hokimligida ishlaydigan mansabdor tanishi yordamida, yopiq shaklda o‘tkaziladigan tenderda 200 gektar yerni olib bermoqchi bo‘lgan. Buning evaziga esa tadbirkordan 200 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 100 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, jinoyatni to‘liq fosh etish maqsadida, qurilish firmasi rahbaridan olingan dastlabki ko‘rsatmalar hamda mavjud dalillarga asoslanib, uning Yangiobod tumani hokimligida mas’ul lavozimda ishlovchi tanishi ham qo‘lga olingan.
Xuddi shunday, Farg‘ona shahridagi firma rahbari va uning tanishi o‘zaro til biriktirib, mazkur MChJga Farg‘ona shahridagi kichik sanoat zonasi hududidan maqsadli shartlar evaziga ajratilgan 2 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Ular fuqarodan buning evaziga 110 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 50 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida qo‘lga olingan.
Toshkent viloyati Parkent tumanida ham yer sotish bilan bog‘liq jinoyat aniqlandi. Qayd etilishicha, dehqonchilik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi fermer xo‘jalik rahbarining o‘g‘li mazkur xo‘jalikning 10 gektar yer maydonini xaridorga 50 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 26 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Sardoba tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari mazkur xo‘jalikning sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish uchun mo‘ljallangan 5 gektar yer maydonini xaridorga 18 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, 17 900 AQSh dollari va 1 mln 150 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Namangan viloyati Chust tumanidagi paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning rahbari esa 1976-yilda tug‘ilgan tanishi bilan o‘zaro til biriktirib, mazkur xo‘jalikning 2 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish va u yerda bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishga ruxsat olib berish evaziga 11 500 AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyati ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter