Joriy yilda 1,5 mingga yaqin mansabdorning tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan
Ma’lumki, qonunchilikka ko‘ra vazirlik va idoralar, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi ta’qiqlangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur talablarga rioya etilishi yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar davomida, joriy yilning o‘tgan davrida jami 1 488 nafar boshqaruv xodimi 1 653 ta tadbirkorlik sub’yektlarida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan esa Agentlik tomonidan xodimlarning tadbirkorlik subektlari ta’sischiligidagi faoliyatini to‘xtatish choralarini ko‘rish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmaslik va kelgusida shu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida davlat organlari va tashkilotlariga 33 ta taqdimnoma kiritildi.
O‘tgan davr mobaynida Agentlik tomonidan «etender.uzex.uz» elektron axborot tizimi orqali davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilikka rioya qilinishi masofaviy o‘rganilib, jami 175,4 mlrd so‘mlik 127 ta davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi, 22 ta holatda 23,9 mlrd so‘mlik raqobatni cheklovchi usullar orqali g‘oliblikni qo‘lga kiritilganligi aniqlanib, ushbu davlat xaridlarining natijalarini bekor qilish bo‘yicha taqdimnomalar kiritildi.
Kiritilgan taqdimnomalar asosida mazkur davlat xaridlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan bayonnomalar va shartnomalar bekor qilindi.
Shuningdek, Hisob palatasining masofaviy tahlillarida mahalliy davlat hokimiyati organlari 155 ta davlat buyurtmachilarining 195,5 mlrd so‘mlik 1400 ta shartnomalar davlat xaridlari sohasida qonunchilik talablariga zid ravishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilganligi ma’lum bo‘ldi.
Qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan 125 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar sudga yuborildi.
Ma’lumot uchun, «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati shakllantirildi.
Mazkur Ro‘yxatdagi davlat organlari va tashkilotlari o‘z tizimida Qonun tatbiq etiladigan tashkilot, muassasa va aksiyadorlik jamiyatlari, shu jumladan, davlat xaridlari sohasidagi munosabatlariga tatbiq etiladigan yuridik shaxslarning ro‘yxati belgilab qo‘yildi.
Ro‘yxatga 27 ta respublika darajasidagi davlat organi va tashkiloti, 71 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organi, 10 ta davlat maqsadli jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri, viloyatlar, tuman-shahar hokimliklari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan 49 ta xo‘jalik jamiyatlari, unitar korxonalari kiritildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter