Joriy yilda yangi uy-joylar qurish hajmi 2 barobarga oshiriladi – Farmon loyihasi
Prezidentning «2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasiga ko‘ra, joriy yilda yangi uy-joylar qurish hajmi 2 barobarga oshiriladi, ya’ni 90 mingga yetkaziladi.
Qurilishi rejalashtirilayotgan yangi uylarning 53 tasi «Yangi O‘zbekiston» massivlarida, 161 tasi boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan bunyod etiladi.
Qayd etilishicha, 2022-yilda 44 mingta xonadon qurilib foydalanishga topshirilgan va mazkur hujjat bilan belgilanayotgan choralar amalga oshirilishi natijasida, 2023-yilda quriladigan xonadonlar soni o‘tgan yilga nisbatan kamida 100 foizga ko‘payadi.
Shuningdek, hujjat loyihasiga ko‘ra:
- 26 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqarolarga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat budjetidan yetarli mablag‘lar yo‘naltiriladi. Natijada, 2023-yilda aholiga ipoteka kreditlari doirasida boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga 1 trln so‘m miqdorda subsidiya ajratiladi.
- joriy etilgan aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida «Mening birinchi uyim» dasturi ishlab chiqilib, yo‘lga qo‘yiladi;
- xalqaro va mahalliy fond birjalarida «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJning ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish hisobiga kompaniyaning ustav fondi 100 mln AQSh dollari ekvivalentiga yetkaziladi. Bunda, ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish hisobiga jalb qilingan mablag‘lar ipoteka kreditlari uchun resurs sifatida banklarga joylashtiriladi.Natijada, aholiga qo‘shimcha 3 mingta ipoteka kreditlari ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur hujjat loyihasi muhokamasi joriy yil 6-fevralidan 17-fevraliga qadar davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter