Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konstitutsiyada tinchliksevar tashqi siyosat tamoyili mustahkamlanyapti

Konstitutsiyada tinchliksevar tashqi siyosat tamoyili mustahkamlanyapti

O‘zbekiston – tinchliksevar yurt. Boshqa mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatli aloqalarni o‘rnatish esa xalq farovonligi va mamlakat tinchligining eng muhim shartlaridan biridir. Konstitutsiyaga tashqi siyosat bo‘yicha alohida moddalarga qo‘shimchalar kiritishning zarurati ham ana shunda – barcha davlatlar bilan do‘stona va tinchliksevar munosabatlarni o‘rnatish juda muhim.

Shu sababli yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiizning tashqi siyosatning asosiy tamoyillarini belgilovchi 17 va 18-moddalariga bir qator yangi normalar kiritilmoqda.

Xususan, Asosiy qonunimizda yurtimiz tashqi siyosati chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi singari tamoyillariga asoslanishi alohida e’tirof etilmoqda.

Mazkur prinsipga ko‘ra, har qanday davlat boshqa davlatning hududiy yaxlitligini hurmat qilishi, uning suvereniteti, milliy birligi va hududiy yaxlitligini qisman yoki to‘liq buzishga qaratilgan har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi lozim. Bundan tashqari, davlatlar va xalqaro huquqning boshqa sub’yektlari biror-bir davlat hududiga, uning bir qismiga yoki resurslariga kuch bilan yoki kuch ishlatish tahdidi bilan bevosita yoxud bilvosita tajovuz qilmasliklari shart. Bunda davlatlar alohida davlat hududi yoki uning bir  qismiga ziyon yetkazuvchi har qanday harakatlardan tiyilishlari lozim.

Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 18-moddasida O‘zbekiston davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshirishi haqidagi qoida mustahkamlanmoqda.

Amalga oshirilayotgan konstitutsion o‘zgartirishlar tashqi siyosat sohasida ham erishilgan yutuqlarimizni mustahkamlab, oldindan boshlangan tashqi siyosiy kursimizni davom ettirishni, bunda uchinchi tomonga nisbatan qarshi bormaslik asosiy qoida sifatida ta’minlanmoqda. Shuningdek, xalqaro miqyosda tobora chuqurlashib borayotgan global o‘zgarishlarga munosobat bildirish va o‘zining faol pozitsiyasini amalga oshirish imkonini bermoqda. O‘z navbatida xalqaro siyosatda sheriklari uchun tashqi siyosiy harakatlarini tushunarli bo‘lib qolishi hamda  o‘zaro ishonchga va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan munosobatlar olib borishni  mustakaxkamlanishiga shart - sharoitlar yaratmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi dunyoning 142 ta davlati bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Toshkentda 46 ta chet el elchixonalari, 3 ta bosh konsullik, 13 nafar faxriy konsullar, 24 ta xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, 26 ta xorijiy xalqaro hukumatlararo va hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, 1 ta savdo vakolatxonasi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining 59 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud. O‘zbekiston 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning a’zosi bo‘lib, mamlakatimiz turli xil ko‘p tomonlama hamkorlik tuzilmalari bilan o‘zaro sherikchilik aloqalarini rivojlantiradi. O‘zbekiston Respublikasiga fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan xorijiy mamlakatlar soni 90taga yetdi.

Bugungi kunda biz xalqaro munosabatlarning shiddat bilan o‘zgarib borayotgani va yangi xalqaro tartibotlar shakllanib borayotganini kuzamoqdamiz. Xalqaro tizimning  bir qutblilikka asoslangan xalqaro tartiboti, shuningdek, iqtisodiy globallashuv bog‘liq bo‘lgan modeli asta-sekin uzoq davom yetgan inqiroz davriga kirib borayotganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Buning asosiy sababi bugungi kundagi harbiy, siyosiy, iqtisodiy, texnologik va moliyaviy kuchlar imkoniyatlar taqsimlanish tuzulmasi o‘tgan asrning 90 yillaridan holatidan tubdan farq qilishidadir. Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Afrikada shakllanib borayotgan yangi kuch markazlari an’anaviy yetakchilar bilan raqobatlashmoqda va o‘zlarining ortib borayotgan salohiyatini mintaqaviy hamda global miqyosda siyosiy-iqtisodiy ta’sirga aylantirishga intilmoqda.

Xalqaro tajriba jihatidan qaraydigan bo‘lsak, davlatlarning hududiy yaxlitligi prinsipi dastlab, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ustavida, Yevropada havfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning hujjatlarida takomillashtirilgan. Shunga o‘xshash normalar Germaniya, Fransiya, Ozarbayjon, Bolgariya, Qozog‘iston kabi davlatlar konstitutsiyalarida mavjud.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak ushbu moddagi o‘zgarishlar davlatimizning xalqaro hamjamiyat oldida ishonchli sherik sifatida maqomini kuchaytirish hamda tinchlik va xalqaro xavfsizlikni saqlash va mustahkamlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Tashqi siyosat va sherik davlatlar bilan hamkorlik – taraqqiyot va xavfsizlik, rivojlanish kafolati bo‘lishini ta’minlaydi. Tashqi siyosatdagi izchillik, pragmatizm va konstruizm, har qanday sharoitda milliy manfaatlarni himoya qilish strategiyasini mustaxkamlash va yangi bosqichga olib chiqishga yangi imkoniyatlar yaratadi. O‘z navbatida siyosiy - diplomatik sohadagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustaxkamlash va faollashtirish bilan bir qatorda savdo - iqtisodiy, transport - kommunikatsiya, energetika va madaniy - insonparvarlik sohalaridagi munosobatlarga yangi impulslar vujudga kelishiga  shart sharoitlar yaratadi.

Sayfiddin JO‘RAYeV,
Toshkent davlat sharqshunoslik Universiteti,
xalqaro munosobatlar kafedrasi professori,
siyosiy fanlar doktori.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring