Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konstitutsiyaning 26-moddasi va qiynoqqa solingan gumonlanuvchilar...

Konstitutsiyaning 26-moddasi va qiynoqqa solingan gumonlanuvchilar...

«Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni
kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi,
zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini
kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas».

Yangilangan Konstitutsiyaning 26-moddasi

«Ezgulik» jamiyati jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida namanganlik tadbirkor Doniyor To‘raxo‘jayevga tayanib, uning ukasi bo‘lgan 40 yoshli Dilshodjonning 12-15-aprel kunlari Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limida shafqatsiz qiynoqlarga solingani, og‘zi va qo‘llari skotch bilan bog‘lanib, noinsoniy qiynoqlarga solinganini aytmoqda.

Tashanov, shuningdek, «surishtiruv, advokatlar va guvohlar bilan suhbatlardan so‘ng» mazkur holat tasdiqlanganini aytib, haqiqatda Dilshodjon To‘raxo‘jayevni fuqaro kiyimidagi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari, qora maxsus kiyimdagi xodimlar va tergovchilar majburiy ko‘rsatma olish maqsadida qiynoqqa solganini yozmoqda.

Shuningdek, «Ezgulik» jamiyati raisi ayni paytda Jinoyat kodeksining 251-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlanib, «Toshturma»da saqlanayotgan 29 yashar Hasanboy Abdunabiyev ham qiynoqlar sabab «salkam nogironga aylanib qoldi», deydi.

Abdurahmon Tashanov mazkur ikki holatni izohlar ekan, kuni kecha kuchga kirgan Konstitutsiyaning 26-moddasi talablarini, qolaversa, 2021-yilda Xalqaro Qiynoqlarga qarshi kurash kuni munosabati bilan imzolangan Prezident Farmonida bu illatga qarshi kurash strategiyasi ishlab chiqilganini va hatto Ombudsman qoshida maxsus guruh ham tuzilganini eslatadi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirib, har ikki fuqaroning ayni paytda tergovga jalb qilinganini tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 12-aprel kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB, Namangan viloyati IIB hamda DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Namangan viloyati hududlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar jarayonida bir necha oylar davomida tadbirkorlarga nisbatan tovlamachilik qilib ularni qo‘rquv ostida ushlab kelayotgan yirik uyushgan jinoiy guruhning 10 nafar a’zolari qo‘lga olingan.

Guruh a’zolarining ilgari og‘ir turdagi jinoyatlar bilan bir necha marotaba sudlanganliklari hamda nihoyatda tajovuzkor ekanliklari inobatga olinib, Ichki ishlar organlarining maxsus kuchlari jalb etilgan holda qo‘lga olinganlar va zararsizlantirilganlar. Gumondorlarning yonidan, oldidan maxsus tayyorlangan 2 dona o‘tkir tig‘li jism, bir nechta skotch, Ichki ishlar organlari xodimlarining dala formalari, rezina qo‘lqoplar, 0,7 gramm «opiy» giyohvandlik moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida olingan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlarni boshqa bir qator og‘ir jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda. Barchasi o‘rnatilgan tartibda himoya bilan ta’minlangan.

Shuningdek, joriy yilning 6-aprel kuni Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda DXX tomonidan Toshkent shahri hududida kuchli ta’sir qiluvchi zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallagan fuqaro X.A. qo‘lga olish jarayonida qattiq qarshilik ko‘rsatganligi sababli, maxsus xizmatlar tomonidan jismoniy kuch ishlatilib qo‘lga olingan.

Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, boshqa og‘ir turdagi jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Poytaxt IIBB, shuningdek, ulardagi tan jarohatlari haqida ham to‘xtalib, gumondorlarning ayrimlari muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanib kelgani, tan jarohatlari ko‘chadagi mushtlashuvlardan qolgan bo‘lishi mumkinligini iddao qilmoqda.

«Ularning hozirda uchinchi shaxslar orqali ilgari mavjud bo‘lgan jarohatlarini pesh qilgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan ishonchsizlik va nosog‘lom shov-shuv uyg‘otish maqsadi ko‘zlanayotganligi haqida ma’lumotlar mavjud», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Shuningdek, holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilayotgani ma’lum qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring