Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqaror, xavotirga o‘rin yo‘q – SSV

Bir mudat oldin AQShning New York Post nashriga tayanib koronavirusning yangi to‘lqini keng tarqalayotgani, xususan, shu yilning mart oyida Xitoyda aniqlangan NB.1.81 shtammi allaqachon Gonkong va Osiyoning boshqa qismlariga, hatto, Nyu-Yorkkacha yetib borgani haqida xabar berilgan edi.
O‘zbekiston SSV so‘nggi paytlarda tarqalayotgan bu kabi xabarlar fonida koronavirusning NB.1.81 shtammi bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlarni bo‘lishmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rasmiysi Nurmat Otabekovning qayd etishicha, koronavirusning Xitoyda aniqlangan NB.1.81 shtammi ba’zi mamlakatlar bo‘ylab tarqalayotgani haqida ma’lumotlar rost. Lekin, SOVID-19 ning yangi to‘lqini dunyoni qamrab olmoqda, degan xabarlar asossiz.
«JSST 2024-yil 13-apreldan koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha kundalik axborot berib borishni to‘xtatgan. Davlatlar miqyosida ham shunday. Masalan, Rossiyaning «Rospotrebnadzor» tashkiloti 2024 yil 12 maydan kundalik ma’lumotlar e’lon qilish amaliyotini yakunlagan.
Aslida, shuning o‘ziyoq sayyoramizda koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror ekanligini anglatadi. Qolaversa, SARS-CoV-2 ning NB.1.81 shtammi keng ko‘lamda yoyilayotganiga doir ma’lumotlarni JSST rasman tasdiqlagani yo‘q», – deydi Otabekov.
U, shuningdek, Yer yuzida yangi to‘lqinning kuzatilish ehtimolini «qariyb nolga teng»ligini ta’kidlaydi.
Mutaxassis shuningdek, O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqarorligini, aholida koronavirus shtammiga nisbatan oddiy respirator kasalliklarga bo‘lgani singari munosabat allaqachon shakllanganini aytadi.
«To‘g‘ri, mamlakatimizda COVID-19 ga chalinganlar oz miqdorda bo‘lsa ham, aniqlanib turibdi. Ammo murojaat qilgan bemorlarning faqat ikkilamchi surunkali kasalligi bo‘lganlarigina shifoxonada davolanmoqda. Qolaganlari xastalik yengil kechganligi sababli ambulator sharoitda muolaja olyapti.
Hozirgacha dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyalari yuzaga keldi va hamon bu jarayon to‘xtagani yo‘q. Biroq o‘tgan davrda ulardan faqat 10-15 tasi kasallik chaqirdi, xolos. Shu ma’noda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas», – deydi Nurmat Otabekov.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston hududida qaysi viruslar aylanib yurganini kuzatib boruvchi monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgan va tegishli laboratoriyalarda bemorlardan olingan virus namunalari doimiy ravishda tekshirilib, tahlil qilib boriladi.
«Shu ma’noda, dunyoda qayd etilayotgan yangi shtammlar haqida darhol shov-shuvli xabarlar tarqatishga zinhor urinmaslik kerak. Xavotirga hech qanday asos yo‘q», – deydi Otabekov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter