Madaniy boyliklarni noqonuniy olib chiqqanlik va qaytarmaganlik uchun javobgarlik belgilanyapti
Bosh prokuratura madaniy boyliklarni O‘zbekiston hududidan noqonuniy olib chiqqanlik, uni mamlakatga qaytarmaganlik kabi holatlar uchun Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Xususan, Jinoyat kodeksida madaniy boyliklarni qonunga xilof ravishda egallash (169-1-modda), O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar xalqlarining madaniy boyliklarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga qaytarmaslik (169-2-modda) hamda madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish (182-1-modda) uchun alohida jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Unga ko‘ra, madaniy boyliklarni qonunga xilof ravishda egallash 5 yildan 20 yilgacha, O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar xalqlarining madaniy boyliklarini mamlakat hududiga qaytarmaslik (agar bunday qaytarish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan majburiy hisoblansa) 3 yildan 8 yilgacha hamda madaniy boyliklarni O‘zbekistonning bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish (shunday harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa) BHMning 300 baravarigacha miqdorda jarimadan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksida 169-1 va 169-2-moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlarni tergov qilish ish qo‘zg‘atgan dastlabki tergov organi tomonidan amalga oshirilishi hamda 182-1-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni tergov qilish davlat xavfsizlik xizmati tergovchilari tomonidan olib borilishi belgilanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazish haqidagi 227-28-modda bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter