Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy Osiyo mustaqil ekspertlar alyansi tuziladi

Markaziy Osiyo mustaqil ekspertlar alyansi tuziladi

Markaziy Osiyo ekspertlari o‘zaro hamkorlik uchun yagona platforma yaratishni ko‘zlamoqda.

Bu haqda bugun, 15-noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining «aql markazlari», fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirokidagi Markaziy Osiyo ekspertlari forumida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar va mintaqa taraqqiyoti sharoitida, umuman o‘tish davrida turli masalalar bo‘yicha ekspertlar tahliliga zaruriyat tug‘ilmoqda. Hukumatlar, parlamentlar va boshqa tuzilmalar tomonidan muayyan tarmoqni, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va konsepsiyalarni ishlab chiqishda esa mutaxassislar ko‘magi talab etiladi. Bunda Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan «aql markazlari» salohiyatidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Forum ishtirokchilarning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyodagi vaziyatni tahlil qilishda mintaqaviy mustaqil ekspertlar vazirlik va idoralar, davlat «aql markazlari» tomonidan ilgari suriladigan «birinchi fikr (yoki qarash)»ga «muqobil fikr (yoki qarash)»ni ham berishi mumkin.

Ko‘p hollarda aynan tadqiqot markazlari Markaziy Osiyo davlatlari bilan C5+1 formatlari doirasida hamkorlik qiluvchi AQSh va Yaponiya hukumatlariga, shuningdek, Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘zining yangi Strategiyasini amalga oshirayotgan Yevropa Ittifoqiga g‘oya va takliflarni yetkazib beradi.

Mintaqadagi nodavlat ekspertlar bahosiga ortib borayotgan ehtiyojni qondirish maqsadida Forum ishtirokchilari «Markaziy Osiyo mustaqil ekspertlar alyansi» platformasida ekspertlar tarmog‘ini yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Tarmoqning o‘ziga xosligi Markaziy Osiyodagi asosiy jarayonlarni umummintaqaviy darajada o‘rganish bo‘ladi.

– Sobiq ittifoq davlatlarida kuzatilayotgan siyosiy jarayonlar fonida Markaziy Osiyo mintaqasidagi ekspertlarning muttasil aloqada bo‘lishi va hamkorlik qilishiga zarurat tug‘ilmoqda. Bugungi kunda ularning oldida birgalikda mintaqa muammolariga yechim qidirish hamda jamoatchilik fikrlarini shakllantirish kabi muhim vazifalar turibdi. Yaqin yillarga qadar mintaqa davlatlarining bir-birlaridan ihotalashuvi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda globallashuv jarayoni ketyapti va bunda kollektiv harakat doim ustuvorlik beradi. Mazkur alyans doirasida kelgusida Markaziy Osiyo davlatlari ekspertlarining birlashishi hamda mintaqaning yagona taqdir ekanligini anglashi, buni jamiyatga tushuntira olishi kabi faolliklar yuzaga chiqadi, deb umid qilinyapti, – deydi mustaqil ekspert Kamoliddin Rabbimov.

Shuningdek, forumda, doimiy faoliyat yurituvchi mustaqil ekspertlar platformasining tashkil etilishi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini ishonchli, konstruktiv va ochiq muloqot formatida muhokama qilish, Markaziy Osiyodagi umumiy muammolarni hal etish imkonini berishi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish g‘oyalarini ilgari suruvchi Markaziy Osiyo ekspert-tahlilchilari tarmog‘ini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring