Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mohira Sultonova: «Har bir kuningizda milliylik bo‘lsin»

Milliylik – bu faqat to‘ylarda kiyiladigan zardo‘z libos yoki bayramlarda eshitiladigan dutor sadosi emas. Milliylik – inson qalbining, dilining tubida yotadigan muhabbat, tuyg‘u va faxr hissidir. U inson o‘zini muayyan bir millatga mansub deb bilishi, uning tili, madaniyati, tarixi, urf-odatlari va qadriyatlari bilan yashashi orqali namoyon bo‘ladi.

Milliylik – bu o‘zlik, o‘zligini tan olish va uni asrab-avaylash demakdir.

Zamonaviy texnologiyalar, globallashuv va umumjahon madaniyati ta’sirida ko‘plab milliy an’analarimiz, o‘zlik timsollarimiz kun sayin yo‘qolib borayotgan bir davrda yashayapmiz. Ba’zan shu qadar chet el uslublari hayotimizga kirib keladi-ki, o‘zimizdan, o‘z qiymatlarimizdan uzoqlashib qolganimizni sezmay ham qolamiz. Ammo shunday insonlar borki, ularning qalbida milliylik jonli, u yashaydi va yashaydigina emas, balki avloddan avlodga o‘tishi uchun jon kuydiradi.

Bugungi suhbatdoshimiz ana shunday vatani, millati, qadriyatlari uchun jon kuydirayotgan va amaliy ishlari bilan milliylikni hayot tarziga aylantirgan inson – Mohira Sultonova. U «O‘zbekligim – o‘zligim» nomli nodavlat notijorat tashkiloti rahbari bo‘lib, milliy an’analarimizni saqlash, yoshlarda milliylikka bo‘lgan muhabbatni oshirish yo‘lida faol mehnat qilmoqda. Shu bilan birga, u tadbirkor va dizayner sifatida ham milliy kashtachilik an’analarini zamonaviy moda bilan uyg‘unlashtirib, yurtimizda va undan tashqarida ham milliy hunarmandchilikning yuksalishiga hissa qo‘shib kelmoqda.

– Millatning millat ekanligini ko‘rsatadigan asosiy tamoyil bu – milliylik va qadriyatlar hisoblanadi. Aynan o‘zbek xalqining hozirgi kundagi milliyligi va qadriyatlari shakllanishiga qanday omillar sabab bo‘lgan?

– Milliylik bu millatni boshqalardan ajratib ko‘rsatuvchi «yuzi», alohida belgisi desak ham bo‘ladi. Bunda har bir millat qadriyatlari asrlar davomida shakllanadi. Ko‘plab xalqlar hozirda o‘zining milliyligini yo‘qotib borayapti va kam sonli xalqlargina o‘zining milliyligini saqlab qola olgan, shukrki, ular orasida O‘zbekiston ham bor. Bunga sabablardan eng kattasi, bizning turkiylar qavmidan ekanligimiz va Markaziy Osiyo mintaqasida joylashganimiz. Qo‘shni xalqlar bilan o‘z chegarasini ajratib olish va millat sifatida ajralib turish uchun ham milliylikka katta ahamiyat qaratilgan.

Hozirda yoshlar orasida milliy madaniyatga nisbatan loqaydlik bor deya olasizmi?

– Loqaydlik deya olmayman, unutilib qolayapti deyishim mumkin. Chunki ota-onalar ish bilan mashg‘ul, bolalarda o‘qish, to‘garaklar tufayli yuklama katta, boshqa narsalarga esa shunchaki vaqti yetmaydi. Shuningdek, oilalarda an’analar eslanmayotgani va ota-onalarimiz tomonidan milliy o‘yinlarimizni unutilib ketayotgani, bolalar milliy ertaklarni eshitib katta bo‘lmayotgani achinarli hol. Buning ortidan bolalar telefon orqali g‘arb madaniyati bilan yaqinroq bo‘lib qolishi ehtimoli katta.

– Milliylik haqida gapirish mumkin, uni liboslarda kiyish mumkin, ammo his qilish-chi?

– Dastlabki maqsadimiz, milliyligimizni tanitish edi, ya’ni ust-kiyimlar va xunarmandchilik bilan. Shunday holga keldikki, milliylik deganda faqat liboslarni tushunadigan avlodga aylanib  qoldik. Endi oldimizga qo‘ygan ikkinchi maqsadimiz, milliy ruhni shakllantirish. Bu bo‘yicha qadam ham tashladik, mart oyining boshida qadriyatlarimizni eslagan holda mushoira kechasini o‘tkazdik. Haqiqiy o‘zbek ayollari obrazida  chiroyli bir kecha tashkil etishga erishdik. Keyinchalik esa, jadidchilarimizga bag‘ishlangan kechalarni tashkil qilish niyatidamiz.

– Yurtimizda milliylikni qanday ko‘rishni xohlagan bo‘lar edingiz?          

Yurtimizda milliylikni har kuni ko‘rishni xohlardim. Navro‘z va Hayit arafasida milliy liboslarimiz urfga kiradi, ammo vaqt o‘tishi bilan  yana unutiladi. Hozir yosh dizaynerlar o‘rtasida tanlov uyushtirish niyatidamiz, ya’ni talaba yoshlarga mo‘ljallangan va kunlik kiyishga qulay liboslarni yaratish va targ‘ib etish. Negaki, ko‘cha-ko‘yda guvohi bo‘lyapman, yoshlarimizning milliy surat, tushirilgan, aksessuar qo‘shilgan kiyimlarga qiziqishlari katta.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring