Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Moskva viloyatida yonib ketgan xostelda o‘zbekistonliklar ham bo‘lgan – «Dunyo» AA

Moskva viloyatida yonib ketgan xostelda o‘zbekistonliklar ham bo‘lgan – «Dunyo» AA

Joriy yil 23-mayga o‘tar kechasi Moskva viloyati Istra shahri Padikovo qishlog‘ida joylashgan yotoqxonada yong‘in sodir bo‘lgan.

Yong‘in oqibatida 8 nafar kishi halok bo‘lgan, hozirda ularning shaxsi aniqlanmoqda. Halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor. Yong‘in oqibatida vafot etganlarning shaxsini aniqlash uchun Istra shahar sud-tibbiyot ekspertizasi byurosi tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda.

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, yonib ketgan uyda 20 ga yaqin xorijliklar yashagan, ulardan 11 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha tergov organi tomonidan Rossiya Jinoyat kodeksining 109-moddasi (ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Vaziyat elchixonaning Konsullik bo‘limi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi nazorati ostida», – deyiladi «Dunyo» agentligi xabarida.

Mazkur xostelda ijarada turgan fuqarolar hududdagi marketpeyslarning biriga qarashli omborxonada ishlab kelishgan.

Moskva viloyati prokuraturasi bergan ma’lumotga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan ikki qavatli xostel 23 yoshli O‘zbekiston fuqarosi tomonidan ijaraga olingan va mahalliy qonunchilikka zid ravishda xorij fuqarolarini ijaraga qo‘yib kelgan. Bu holat bo‘yicha prokuratura RF Jinoyat kodeksining 322-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring