Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oktyabr oyida O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi 26 foizga kamaygan

Oktyabr oyida O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi 26 foizga kamaygan

Oktyabr oyi yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda barcha avtotransport vositalarining sotuvi 24 foizga ko‘payib, 183 mingtani tashkil etdi va o‘tgan yilning oktyabr oyiga nisbatan 62 foizga o‘sdi, deyiladi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida.

Yengil avtomobillar bozorida oktyabr oyida savdo 168 mingni tashkil etib, oy davomida 23 foizga oshdi. Eng katta o‘sish Sirdaryoda (47 foiz), Qashqadaryo (43 foiz) va Farg‘ona viloyatlarida (39 foiz) kuzatildi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa yengil avtomobillar savdosi 62 foizga oshdi.

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

«Oktyabr oyida Damas/Labo, Cobalt va Lacetti budjet modellari narxi ko‘tarilganiga qaramay, UzAuto Motors tomonidan shartnomalar qayta tiklanishi fonida noyabr oyida yengil avtomobillar savdosi ham oshishi kutilmoqda», — deyiladi sharhda.

Birlamchi bozor

Oy davomida yangi yengil avtomobillar bozorida o‘tgan yilning oktyabr oyiga nisbatan faollik ikki baravar ortib, deyarli 25 mingta avtomobil sotildi. Sentyabr oyida yangi mahalliy yengil avtomobillar savdosi 4,2 foizga oshgan bo‘lsa, oktyabr oyida 15 foizga oshdi va deyarli 39 mingtani tashkil etdi.

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar bozorida bir oy oldin pasayish qayd etilgan bo‘lsa, oktyabr oyida sotuvlar deyarli 6 mingtani tashkil etib, 30 foizga o‘sdi. O‘tgan yilning oktyabr oyiga nisbatan esa faollik 3 baravar oshgan.

Ikkilamchi bozor

Oktyabr oyida ham ikkilamchi avtomobil bozori o‘sishda davom etdi. Haydalgan yengil avtomobillar savdosi 124 mingtadan oshdi, bu bir oy oldingiga nisbatan 26 foizga ko‘p hisoblanadi. O‘tgan yilning oktyabr oyiga nisbatan o‘sish 46 foizni tashkil etdi.

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Elektromobillar bozori

Elektromobillar savdosi ketma-ket ikkinchi oy pasaydi. Oktyabr oyida 2,7 mingta elektromobil sotildi, bu sentyabr oyiga nisbatan 26 foizga kam. Hududlar miqyosida qaralganda, Toshkentdagi elektromobil bozori sezilarli darajada pasaydi, sentyabr oyida 2,5 mingta elektromobil sotilgan bo‘lsa, oktyabr oyida sotuvlar 45 foizga qisqarib, 1,4 mingtani tashkil etdi.

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

O‘tgan yilning oktyabr oyiga nisbatan solishtirganda esa elektromobillar savdosi 5,6 baravar oshgan. Agar elektromobillar birlamchi bozorida sotuvlar o‘tgan yilga nisbatan 6 baravar oshgan.

Shu bilan birga, elektromobillarning ikkilamchi bozori avvalgi oyda kuzatilgani kabi o‘sishda davom etmoqda. Oktyabr oyida sotuvlar 30 foizga oshdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring