Ombudsman to‘g‘risidagi qonun imzolandi
Joriy yil 15-noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi O‘RQ-1002-son qonun imzolandi.
Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini tartibga soladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Ombudsman faoliyati quyidagi asosiy prinsiplardan iborat:
- qonuniylik;
- mustaqillik;
- adolatlilik;
- insonparvarlik;
- kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;
- xolislik;
- ochiqlik.
Saylanish kuni 30 yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Ombudsman lavozimiga saylanishi mumkin.
Qonun bilan Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi va ayni bir shaxs Ombudsman lavozimiga surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emasligi belgilandi.
Ombudsman siyosiy partiyaga a’zolikni yoki unda ishtirok etishni o‘z vakolatlari muddatiga to‘xtatib turishi yoxud tugatishi shart bo‘lib, shuningdek, ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter