Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ortiqxo‘jayev hokimlik Jamoatchilik kengashining yangi tarkibini tasdiqladi

Ortiqxo‘jayev hokimlik Jamoatchilik kengashining yangi tarkibini tasdiqladi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 69-sessiyasida hokimlik qoshidagi Jamoatchilik kengashini yangi tarkibda shakllantirishga oid taklif bilan chiqdi.

«Sizlarga bugun bir muhim taklif va murojaat bilan chiqishni lozim topdim. O‘zingizga ma’lum, poytaxtimiz aholisi va mehmonlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholi turmush darajasi sifatini yanada oshirish asossiy maqsadimiz desam adashmayman.

Lekin, so‘ngi vaqtlarda aholimiz manfaati uchun qilayotgan xayrli ishlarimizni keng jamoatchilikka o‘z vaqtida va to‘liq yetkaza bera olmayotganimiz sabab, turli e’tiroz va ba’zi paytda noxolis tanqidlarga uchrayapmiz.

Shu o‘rinda yana bir narsaga alohida to‘xtalmoqchiman, amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalar ko‘lami qanchalik keng, katta bo‘lmasin, jamoatchilikning fikri, maslahati va kerak bo‘lsa ba’zi o‘rinlarda tanqidisiz kutilgan ijobiy natijaga erishishning iloji yo‘q.

Shu sababli biz jamoatchilik bilan yaqindan va ochiq ishlash, aholining faol qismini shahrimizda olib borilayotgan islohotlarga kengroq jalb etish maqsadida Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi ishini siz deputatlarimiz bilan bamaslahat qayta ko‘rib chiqishga qaror qildik», – deydi poytaxt hokimi.

Sessiyada Toshkent shahar Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev shahar hokimi tomonidan Jamoatchilik kengashi raisi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatildi.

Shuningdek, Ortiqxo‘jayev endilikda jamoatchilik kengashi fuqarolarga olib borilayotgan islohotlar va loyihalarni to‘liq, shaffof yetkazib bera oladigan vakolat va tizimga ega tuzilma bo‘lishini, kengashda istalgan fuqaro ekspert sifatida ishtirok etishi mumkinligini ta’kidlagan.

«Men keng jamoatchilikka, OAV vakillarini, jurnalist va blogerlarni, xususan, shahrimizdagi o‘zgarishlar, poytaxtimizning flora va faunasiga befarq bo‘lmagan Nikita Makarenko, Aleksandra Ivanyujenko, Saodat Abduzakirova, Abu Ali Niyozmatovlar kabi faol hamshaharlarimizni Jamoatchilik Kengashi a’zoligiga taklif qilaman.

Ishonamanki, ularning bu yerdagi faoliyati, fikrlari, taklif va tashabbuslari, albatta, shahrimizdagi yangilanishlar hamda o‘zgarishlar jarayoniga, bizning turli soha va yo‘nalishlardagi faoliyatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», – deydi Jahongir Ortiqxo‘jayev. 

Ma’lumot uchun, Toshkent shahar hokimi joriy yil 24-avgust kuni Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashining yangi tarkibini (19 nafar a’zo) tasqidlagan.

Eslatib o‘tamiz, poytaxt hokimligi Jamoatchilik kengashi 2018-yilda tuzilgan va Kengashning birinchi raisi tadbirkor Hikmat Abdurahmonov bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring