Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Otaning o‘rni...

Otaning o‘rni...

foto: internet, ochiq manba

Ishxonadaman. Xonaga ko‘rinishidan qirq yoshlardagi bir kishi kirib keldi.

– Assalomu alaykum. Opa, farzandli bo‘lgan edim. «Metrika» olish uchun nima qilishim kerak?

– Er-xotinning pasporti va ZAGS qog‘ozi kerak bo‘ladi.

– Iye, hujjatlarni olib kelmabman-ku, shunday yozib beravermaysizmi?

– Yo‘g‘-ye, bo‘lmaydi-da.

– Juda uzoq vaqt ketmaydimi?

– Hujjatlarni olib kelavering, ishingiz tezda bitadi.

Biror soat o‘tmay yigit yana kirib keldi.

– Siz yozib bo‘lganingizdan keyin nima qilishim kerak?

– Nechanchi farzandingizga olmoqchisiz?

– To‘rtinchisiga.

– Nima?.. – deb hayron bo‘ldim men. – To‘rtinchi farzandingiz tug‘ilgan bo‘lsayam siz hali guvohnoma olish uchun nimalar qilishni bilmaysizmi?

– Ha, opa, chindan bilmayman, – yigit chuqur xo‘rsindi.

U bir oz tin oldi-da, keyin gaplarini davom ettirdi:

– Dadamning o‘tganlariga uch oy bo‘ladi. Ishonmaysiz, shu uch oy ichidayoq o‘rinlari shunaqayam bilinyaptiki...

Yigit yana tin oldi va dedi:

– Dadam hayotliklarida biror marotaba ham uyimizdagi hujjat ishlari bilan shug‘ullanmaganman. Hatto farzandlarimga tug‘ilganlik guvohnomalarini dadam olib kelgan edilar. Uyda ba’zi kommunal to‘lovlarning borligini bilmas ham ekanman. Ro‘zg‘or, bozor-o‘charni-ku aytmay qo‘yaveray.

Dadam hali yosh, baquvvat deb yuraveribmiz. O‘limni xayolimizga ham keltirmagan edik.

Endi o‘ylab ko‘rsam, men dadamning xizmatlarini aytarli qilmabman ham. Aksincha, toki vafot etgunliklariga qadar otam biz – farzandlarning xizmatimizni qilibdilar. Menga shu armon bo‘lib qoldi.

Yigit so‘zlashdan to‘xtadi, nazarimda aytmoqchi bo‘lgan gaplarini aytolmadi. Uning ko‘zlariga yosh qalqidi, so‘zlari bo‘g‘ziga tiqildi...

Malika A’zamjonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring