Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston 2026 yilgacha JSTga a’zo bo‘lish niyatida – Jamshid Xo‘jayev

O‘zbekiston 2026 yilgacha JSTga a’zo bo‘lish niyatida – Jamshid Xo‘jayev

O‘zbekiston 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-Vazirlar konferensiyasigacha JSTga a’zo bo‘lish niyatida. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha idoralararo komissiya raisi Jamshid Xo‘jayev 24 may kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha Ishchi guruhining sakkizinchi yig‘ilishida ma’lum qildi.

«O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha o‘z majburiyatlarida sobit bo‘lib qolmoqda va biz bu boradagi ishlarda muvaffaqiyatga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», – deydi Xo‘jayev.

U, shuningdek, delegatlarni bu jarayonda «sarmoya kiritish va qo‘llab-quvvatlashga» chaqirib, ularning «hamkorligi, tajribalari va yordami» muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Ishchi guruh raisi Yun Seong Deokning ta’kidlashicha, ushbu uchrashuv avvalgisidan olti oy o‘tib tashkil etildi va ishchi guruh yig‘ilishlarining orasidagi intervalning qisqarayotgani ishning «jadal sur’atlar bilan rivojlanayotganidan dalolat».

Ishchi guruh raisi, shuningdek, O‘zbekistonning muzokaralardagi muvaffaqiyatini yuqori baholadi va a’zolik jarayoni yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 2020-yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan Ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishi bilan rasman qayta tiklangan edi. Shundan so‘ng 2022-yil iyun, 2023-yil mart va 2023-yil noyabr oylarida yana uchta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring