O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda davom etamiz – Janubiy Koreya prezidenti
Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol O‘zbekistonga amalga oshiradigan davlat tashrifi arafasida «Dunyo» axborot agentligiga intervyu berdi.
Prezident Yunning ta’kidlashicha, mamlakat hukumati Markaziy Osiyodagi yagona alohida strategik sherigi va asosiy hamkori bo‘lgan O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli va istiqbolli hamkorlikka erishish uchun do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda davom etadi.
«Biz turli sohalarda, jumladan, energetika va infratuzilma, muhim foydali qazilmalar, ta’minot zanjirlari, sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat, ta’lim, raqamlashtirish, fan va texnologiyalar, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytiramiz», – deydi Yun.
Janubiy Koreya hukumati «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo K SILK ROAD (R.O.A.D) hamkorlik tashabbusi»ni e’lon qilganini, bu tashabbus Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi 30 yillik munosabatlar tajribasiga asoslanayotgani hamda jadallik bilan o‘zgarib borayotgan xalqaro vaziyatga javoban yangi hamkorlik rejasi ekanini ta’kidlaydi.
«Ushbu tashabbus Koreya Respublikasining mintaqangizga qaratilgan birinchi strategiyasi bo‘lib, Koreya va Markaziy Osiyoda erkinlik, tinchlik va farovonlikni birgalikda barpo etish maqsadida «yonma-yon» (birgalikdagi yo‘l) rivojlanish, «sa’y-harakatlarni birlashtirish» (konvergensiya) hamda «innovatsiya va ijodkorlik» (kreativlik) tamoyillariga asoslanadi.
Xususan, u energetika va resurslar sohasida strategik sheriklikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish uchun taraqqiyotga yo‘naltirilgan hamkorlikni modernizatsiya qilish, kelajakdagi farovonlik yo‘lida sheriklik aloqalarini o‘rnatish va bunga erishish uchun hukumatlar, biznes va fuqarolar o‘rtasida uyg‘un hamkorlik tarmog‘ini mustahkamlashga qaratilgan», – deydi u.
Qayd etilishicha, kelgusida Koreya Respublikasi hukumati Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan Markaziy Osiyo strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha maslahatlashuvlar va yaqin hamkorlikni davom ettiradi. Ayni paytda mintaqadagi asosiy hamkor va birodar davlat bo‘lgan O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli va kelajakka yo‘naltirilgan hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter