Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston bo‘ylab 32 mingdan ortiq elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari o‘rnatiladi – Hukumat qarori

O‘zbekiston bo‘ylab 32 mingdan ortiq elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari o‘rnatiladi – Hukumat qarori

Hukumat qarori bilan mamlakatda 2024−2025 yillarda elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 2025-yil oxirigacha O‘zbekiston bo‘ylab 32,4 mingta elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Ularning deyarli to‘rtdan uch qismi uy-joylar atrofidagi avtoturargohlarga to‘g‘ri keladi.

Davlat tasarrufidagi bo‘sh turgan, shuningdek, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat korxonalari hududida stansiyalarni o‘rnatish joyi «K-Savdo»da elektron onlayn-auksion orqali ijaraga beriladi.

Bunda stansiyalarni qurish uchun barcha sharoitlarga ega o‘rnatish joylari «yashil» toifa, qo‘shimcha kommunikatsiya tarmoqlarini qurish zaruratiga ega joylar «sariq» toifa sifatida belgilanadi. Ularni qurish esa g‘olib tomonidan amalga oshiriladi.

Hududlarda stansiyalar o‘rnatiladigan hududlar 120 oygacha foydalanish huquqi bilan auksion orqali sotilishi yoki ijaraga berilishi mumkin. Bunda elektr ta’minotining texnik holati va mavjud quvvatlardan kelib chiqilishi kerak.

Agar ijaraga beriladigan joyda g‘olib 6 oygacha stansiyalar o‘rnatmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi hamda yer uchastkasi, ko‘chmas mulk qaytadan auksionga chiqariladi.

Energetika vazirligiga «Hududiy elektr tarmoqlari» bilan yil yakunigacha yagona energetika tizimida quvvat tanqisligi davrlarida korxona tomonidan tadbirkorlar va aholi o‘rnatadigan stansiyalar iste’mol quvvatini kamaytirish imkoniyatini yaratish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritish topshirildi.

Shuningdek, 2025 yilning 1 fevralidan yangi loyihalashtiriladigan avtoturargohlarning kamida 5 foizi (bitta joydan kam bo‘lmagan holda) elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun ajratiladi.

Bunda davlat organlari, savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, AYQShlar, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma obektlaridagi «parkovka»lar nazarda tutilgan.

Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini, yuqori va past kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash dasturlarini ishlab chiqishda stansiyalar hamda ularning yagona elektr energetikasi tizimiga yuklamasini inobatga olish talab etiladi.

Yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uy-joylar hududida, shu jumladan, ko‘p kvartirali uy-joylar avtoturargohlarida 22 kVt eng yuqori quvvatga ega stansiyalar o‘rnatiladi. Tadbirkorlar ko‘p kvartirali uylarning faqat avtoturargohlarida stansiyalar o‘rnatishlari mumkin.

Avvalroq O‘zbekistonda elektromobillar uchun alohida elektr energiyasi hisobi yuritilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Mamlakatda elektromobillarni quvvatlash uskunalari uchun alohida hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Mazkur tartib joriy yildan yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring