O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashishda Estoniya va Finlyandiya tajribasini o‘rganadi
O‘zbekistonning Latviyadagi diplomatik vakolatxonasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) ko‘magida 17-20 aprel kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Estoniya va Finlyandiyaga amaliy tashrifi tashkil qilinadi.
Safar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining Estoniya adliya, ichki ishlar vazirliklari, Elektron hukumat akademiyasi, Davlat xaridlari va davlat ko‘magi boshqarmasi, shuningdek, Finlyandiyaning tashqi ishlar, adliya, moliya vazirliklari, Raqobat va iste’molchilar idorasi hamda Xelsinki universiteti Qonun ustuvorligi markazi rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvlarda ushbu davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining shakllanishi, davlat idoralarining sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda korrupsiyaning oldini olish, xususan, davlat organlarining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi bo‘yicha tajriba almashiladi va o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.
Bugungi kunda Estoniya elektron hukumatni joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha Yevropa hamda dunyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 600 dan ortiqni, tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni esa 2400 dan ortiqni tashkil etadi.
Finlyandiya «Transparency International» xalqaro tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida 2-o‘rinni egallab, dunyodagi eng korrupsiyasiz davlat sifatida e’tirof etib kelinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter