Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Rossiya nefti importini 1 mln tonnagacha oshirmoqchi

O‘zbekiston Rossiya nefti importini 1 mln tonnagacha oshirmoqchi

Foto: rosneft.ru

2024 yilda Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga neft xomashyosi yetkazib berish hajmini 1 million tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu 2023 yilning 3 noyabr kuni Moskvada imzolangan uch tomonlama hujjatda qayd etilgan, deya xabar qildi Energetika vazirligi.

Hujjatda qayd etilishicha, kelishuvni amalga oshirishda “Omsk – Pavlodar – Chimkent – Shagir” neft quvuri orqali yuk tashishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shartnomada tomonlarning uzoq muddatli asosda 2024 yilda va keyingi yillarda neft xomashyosi yetkazib berishni 1 million tonnaga yetkazish bo‘yicha tijorat shartnomalarini amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishi belgilab qo‘yilgan.

Jumladan, neft xomashyosining o‘zaro maqbul narxini kelishish hamda uning hajmini oshirishni hisobga olgan holda, tomonlarning mamlakatlari hududi bo‘ylab neft xomashyosini to‘liq hajmda to‘sqinliksiz tashish ta’minlanadi. Shuningdek, ushbu shartnoma quyidagi maqsadlarni amalga oshirishga imkon beradi:

2023 yilning 6−7 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan muhokamalar chog‘ida uch Davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvni tezkorlik bilan amalga oshirish;

transport xarajatlarini hisobga olgan holda, temir yo‘l orqali yetkazib berishga nisbatan arzonroq bo‘lgan neft quvurlari ta’minotini rivojlantirish;

O‘zbekiston Respublikasi hamda chegaradosh hududlarning neft quvurlari infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish;

neft xomashyosi bilan barqaror ta’minlash va mamlakatimizda yuqori sifatli benzin hamda boshqa yoqilg‘i-moylash materiallarini ishlab chiqarish hajmining oshishi munosabati bilan O‘zbekistondagi neftni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan ikkita zavodning ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish;

benzin ishlab chiqarishning ko‘payishi O‘zbekistonda yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini ham kengaytirish imkonini yaratadi. Bu esa xizmat ko‘rsatish hamda yoqilg‘i sotish geografiyasi bo‘yicha aholiga sifat jihatidan yangi xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradi;

Rossiya neft xomashyosining barqaror ta’minoti mavjud neftni qayta ishlash quvvatlarini modernizatsiya qilishga, shuningdek, yangilarini qurish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega eksport mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishga yordam beradi.

Yil boshida O‘zbekiston Rossiya bilan 300 ming tonna Rossiya neftini yetkazib berish bo‘yicha kelishib olgandi. “KazTransOil” mart oyida O‘zbekistonga 250 ming tonna Rossiya neftini tashish rejasini e’lon qilgan edi, biroq avgust oyida prognoz 180 ming tonnagacha kamaytirildi. Yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali tranzit yo‘lda 48,5 ming tonna Rossiya nefti yetkazib berilgan bo‘lsa, ikkinchi yarim yillikda 131,5 ming tonna import qilish rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring