O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida migratsiya sohasida anglashuv memorandumi imzolandi

O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida Germaniya mehnat bozoriga o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilishga qaratilgan uch tomonlama anglashuv memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
«Dunyo» AA xabarida aytilishicha, unda «Mikrokreditbank» ATB va «International People IP GMbH and Co.KG» kompaniyasi mas’ullari, diplomatlar, shuningdek, onlayn tarzda «German Sparkassenstiftung for International Cooperation» tashkiloti rabariyati ishtirok etdi.
Imzolangan memorandumga ko‘ra, nemis tomoni o‘zbekistonlik mutaxassislarini gastronomiya, oziq-ovqat logistikasi, logistika va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash sanoati sohalarida Germaniya korxonalarida ishlashga tayyorlash uchun dual kasbiy ta’lim o‘quv yurtlarida o‘qish jarayonini yengillashtirish maqsadida til kurslari taklif etadi. Shuningdek, saralangan mutaxassislarga viza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish, Germaniyada kutib olish, ish va yashash joylari bilan ta’minlash va ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarida yaqindan yordam beradi.
«Toshkent shahrida kompaniyamizning «International People Education GmbH» til o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi. Hozirgi kunda o‘quv markazida nemis tili bilim darajasini aniqlash bo‘yicha xalqaro til sertifikatlari olish uchun mo‘ljallangan til kurslari hamda kasbga yo‘naltirilgan maxsus til kurslariga qatnashish imkoniyati mavjud», – dedi o‘quv markazi rahbari Akbar Faxriyev.
Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Inklyuziv dual ta’lim markazi «International People IP GmbH and Co. KG» bilan hamkorlikda ochilgan.
Nemis kompaniyasi delegatsiyasining joriy aprel oyida O‘zbekistonga safari, «German Sparkassenstiftung for International Cooperation» vakolatxonasi va «Mikrokreditbank» bilan birgalikda amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu memorandum O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida imzolangan migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi bitim ijrosini ta’minlash yo‘lidagi navbatdagi amaliy qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter